Joriy yilning 8,9 sentyabr kunlari Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov Farg‘ona viloyatida bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi
Hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini oshirish, aholi muammolarini aniqlash va hal etish, kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini baholash yuzasidan joriy yilning 8,9 sentyabr kunlari Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov Farg‘ona viloyatida bo‘lib, o‘rganish ishlarini olib bordi.
Polkovnik Ya.Abdulxakov dastlab Qo‘qon shahridagi kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan, qizil hudud toifasiga kiritilgan “Yangiobod” va “Oltin vodiy” MFYlariga borib, mahalla beshligi aʼzolarining faoliyatini o‘rgandi va mahallada yashovchi fuqarolar bilan uchrashdi.
O‘rganish davomida mahalla beshliklari aʼzolari bilan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari muhokama qilinib, muammolari tinglandi hamda jinoyatlar va huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish borasida masʼullarga topshiriqlar berildi.
So‘ng, vazir o‘rinbosari Ya.Abdulxakov Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasida tergovchilar bilan uchrashib, ularga yaratilgan shart-sharoitlar va ish faoliyati bilan tanishdi, masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif doirasida polkovnik Ya.Abdulxakov IIVning Farg‘ona akademik litseyida kursantlar bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida vazirlik masʼullari tomonidan viloyatda o‘tkazilgan kompleks inspektorlik tekshiruvi natijalari yuzasidan polkovnik Ya.Abdulxakov raisligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ayrim kamchiliklar muhokama qilinib, bu borada hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish so‘nggida ushbu yo‘nalishdagi amaliy ishlar doimiy tahlil etib borilishi hamda ijobiy natijalar Farg‘ona tajribasi sifatida ommalashtirilishi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti