Davlat rahbari selektorida belgilangan vazifalarning ijrosi Tergov departamenti tomonidan birma-bir taʼminlanmoqda
2020 yilning 20 avgust kuni Tergov departamenti rahbariyati tomonidan videokonferentsaloqa tizimi orqali tezkor yigʼilish oʼtkazildi. Tezkor yigʼilishda Qoraqalpogʼiston Respublikasi IIV, Toshkent shahri va viloyati IIBBlari, viloyatlar IIB hamda Transportda XTBBlari huzuridagi tergov boshqarmalari rahbarlari, ularning oʼrinbosarlari hamda shahar-tuman tergov boʼlinmalari rahbarlari markaziy studiyalardan turib qatnashdilar.
Yigʼilishda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev huzurida joriy yilning 30 iyunь kuni “Odil sudlovni taʼminlash hamda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida” kengaytirilgan tarzda oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida koʼrib chiqilgan masalalar, shuningdek vazirlik rahbariyati tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, Ichki ishlar organlariga olib kelingan shaxslarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularga nisbatan qiynoq va boshqa zoʼravonlik harakatlari sodir etilishining oldini olish maqsadida, har bir ichki ishlar organlarining maʼmuriy binolarida alohida “soʼrovxona” tashkil etilganligining holatini oʼrganish natijalari sarhisob qilindi. Bundan tashqari, hududlarda xizmat qilayotgan tergovchi va surishtiruvchilarning bilim saviyasini oshirish, ularga qonunchilikka kiritilayotgan yangi oʼzgartirish va qoʼshimchalarning mazmun-mohiyatini yetkazish, huquqiy savodxonlikni yanada yuksaltirish, shuningdek tergov harakatlarini oʼtkazishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar koʼrib chiqilganidan soʼng, joylardagi rahbar va masʼul xodimlar Tergov departamenti oldiga qoʼyilgan vazifalarni bajarish yuzasidan tegishli chora tadbirlar belgilab olindi.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti