Аktrisa Gavhar Sharipova yoʼl transport hodisasi oqibatida vafot etdi!
2019 yil 18 noyabrga oʼtar kechasi soat 02:20 larda 29 yoshli F.Sh. boshqaruvidagi “ISUZU” rusumli (yuk tashuvchi) avtomashinasi bilan “Samarqand-Gʼuzor” yoʼnalishidagi А-378 yoʼlning Qashqadaryo viloyati Gʼuzor tumani Yargʼunchi mahallasi hududidan oʼtgan 140 km.ga kelgan vaqtida, yoʼlovchi sifatida ketayotgan Sharipova Gavhar Hasanovna bilan oʼzaro kelishmovchilik natijasida G.Sharipova avtomashina eshigini ochib tushib qolmoqchi boʼlganligini koʼra turib, F.Sh. tezlikni pasaytirmasdan harakatlanishda davom etganligi oqibatida G.Sharipova transport vositasidan tushib ketib turli darajada tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan.
Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga koʼra, marhuma G.Sharipovaning oʼlimiga sababchi boʼlgan yul-transport hodisasiga xos ogʼir tan jarohati olganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Gʼuzor tumani IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam oʼlimiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Hozirda jinoyat ishi boʼyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga koʼra qonuniy qaror qabul qilinadi.
Marhumа G.Sharipovaning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti