O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Qashqadaryo viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar tanqidiy-tahlil qilindi

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida Qashqadaryo viloyatida 2026-yilning 9 oyi davomida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Abduvoxid Ismoilov, boshqarma boshliqlarining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda viloyatdagi kriminogen vaziyat, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularning sodir etilishiga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Shundan so‘ng sohaviy xizmatlar va shahar-tuman ichki ishlar organlari faoliyati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi. Xususan, kriminogen vaziyati murakkab hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish hamda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish borasidagi mavjud kamchiliklarga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan firibgarliklardan himoya qilish, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish masalalari ham alohida muhokama qilindi. Bu borada profilaktik va tushuntirish ishlarini kuchaytirish, kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash hamda ularning fosh etilishini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida jinoyatchilikka qarshi kurashish, qonun ustuvorligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar uchun xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, kelgusida natijadorlikni oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, jinoyatchilikning oldini olishda mahalla yettiligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish va sifatli hal etish, xizmat intizomini mustahkamlash, qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Yig‘ilish yakunida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, uni jilovlash va sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, ayniqsa, voyaga yetmaganlar o‘rtasida giyohvandlikning tarqalishiga qarshi kurashish borasida mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, har bir yo‘nalishda mas’uliyat va talabchanlikni oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tergov departamenti

Text to speech