Navoiy viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosarining Zarafshon shahridagi sayyor qabuli davomida o‘nlab murojaatlar o‘z yechimini topdi
Mamlakatimizda aholi murojaatlariga ijobiy yechim berish, fuqarolar og‘irini yengil qilish bilan ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashlarini taʼminlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, joylarda xalq bilan tashkil etilgan sayyor qabullar va unda aholi murojaatlariga berilayotgan ijobiy yechim buning yorqin misolidir.
Navoiy viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘ining Zarafshon shahri aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida 10dan ortiq murojaatlar qabul qilindi. Ularning aksariyatini ishsizlik, ijtimoiy yordam, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit va tibbiy masalalar tashkil qildi.
Istiqlol mahallasida istiqomat qiluvchi Oynisa Razzoqova bir necha yildan buyon ishsiz edi. Bugun bandligi yuzasidan qilgan murojaati mutasaddilar tomonidan ijobiy hal etildi. Shahardagi 10-umumtaʼlim maktabiga farroshlikka qabul qilindi. Navro‘z mahallasida yashovchi Fotima Haydarova oshpazlik mutaxassisligiga ega ekanligi ammo ish izlab sarson bo‘layotganini aytib murojaat etdi. Uning ham muammosi sayyor qabul joyida hal etilib 12-maktabgacha taʼlim muassasasiga ishga qabul qilindi.
Zarafshonliklar bilan tashkil etilgan sayyor uchrashuv davomida shu kabi 6 nafar fuqaroning muammosi tez sifatli yechilgan bo‘lsa, 3 nafarining muddat talab masalasi mutasaddilar nazoratiga olindi. 2 nafariga huquqiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi.