Fransiya va O‘zbekiston parlamenti a’zolarining muloqoti davom etmoqda
2018 yil 10 dekabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning “Fransiya - Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi vitse-prezidenti, Fransiya Milliy Majlisi deputati Per Kabare bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Uchrashuvda parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil oktyabr oyida Fransiyaga tashrifi parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim omili bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Fransiya Senati bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh, Fransiya Respublikasi Senatida esa “Fransiya - Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Joriy yil 11 noyabr kuni parlamentimiz yuqori palatasi delegatsiyasi Birinchi Jahon urushi tugaganining 100 yilligi munosabati bilan Parijda o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonda xalq farovonligi darajasini oshirishga qaratilgan izchir o‘zgarishlar ro‘y berayotganligini qayd etdi. Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan do‘stlik, o‘zaro foydali hamkorlik va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan oqilona siyosat hamda tashqi siyosiy faoliyat amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatini ta’minlab, xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni, xususan Oksitaniya mintaqasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuvda Fransiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bilette De Vilmor Violen xonim ishtirok etdi.