Yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash har birimizning vazifamiz sanaladi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan uyushmagan hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmayotgan yoshlarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishida ko‘maklashish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Yoshlar balansi” asosida ular bilan individual ishlash, masʼul vazirlik va idoralarni vertikal hamda gorizontal biriktirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakovga biriktirilgan Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi 30 nafar yoshlar bilan manzilli ishlar tashkil etilib, ularni jamiyatga moslashtirish, bandligini taʼminlash, muammolarini hal etishga hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish bo‘yicha bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Xususan, ishchi guruh tomonidan ushbu yoshlar bilan individual suhbatlar o‘tkazilib, ularning turmush tarzi va muammolari birma-bir o‘rganildi, 3 nafar ishsiz yoshlarning ishga joylashishlarida ko‘maklashildi, 10 nafar o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan maxsus hisobda turuvchi yoshlar ushbu hisobdan chiqarildi, 3 nafar Probatsiya nazoratidagi yoshlarning xonadonlari o‘rganilib, ularni jazodan ozod etish bo‘yicha sudlarga tavsiyanomalar kiritildi.
Tizimli tadbirlar doirasida joriy yilning 03 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari va qiziqishlari birma-bir eshitildi, yoshlarning qiziqishlarini rag‘batlantirish va muammolarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar hamda kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida yoshlarga qiziqarli kitoblar va esdalik sovg‘alari ulashildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti