Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.Abdulxakov BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasida ishtirok etmoqda
Joriy yilning 27 fevral kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston Respublikasidan mazkur sessiyada ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i Yaxyojon Abdulxakov va mamlakatimizning boshqa vakillari Shveysariyaga jo‘nab ketishdi.
Ushbu sessiyaning ochilishida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish so‘z olib, XX asr va XXI asrning boshlarida insoniyat taraqqiyoti yo‘lida erishilgan natijalarni, ayni vaqtda yer yuzida zo‘ravonlik, nizolar va inson huquqlarining buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni 100 million kishiga yetganligini, shu munosabat bilan qochqinlar va migrantlarning huquqlari hech bir “kamsitishlarsiz” taʼminlanishi va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr bildirgan.
Sessiya doirasida BMT Maxsus maʼruzachilarining 80 ta hisoboti tinglanib, muhokama qilinishi, jumladan, bolalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda oziq-ovqat va taraqqiyot huquqlariga bag‘ishlangan majlislar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, irqiy kamsitishning barcha turlariga barham berish yuzasidan munozaralar o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi doirasida belgilangan tadbirlar davom etmoqda.
Tergov departamenti