O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistraturasida vazir o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ya.A.Abdulxakov tomonidan mahorat darsi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 apreldagi PQ–5076-son qarori hamda IIVning 2021 yil 25 avgustdagi buyrug‘i ijrosini taʼminlash, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida ichki ishlar organlari uchun kadrlarni maqsadli kasbiy tayyorlash tizimini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish, nazariy taʼlimning amaliyot bilan uyg‘unligini taʼminlash va Ichki ishlar vazirligi tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarining Akademiyada malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashdagi faoliyatini tizimli tashkil etish va bu borada ularning masʼuliyatini yana-da oshirish maqsadida joriy yilning 23 fevral kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistraturasi tinglovchilari uchun “Ichki ishlar organlarining tergov faoliyatini tashkil etish” o‘quv moduli doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ya.Abdulxakov tomonidan mashg‘ulot o‘tkazildi.

Mashg‘ulot davomida Ya.A.Abdulxakov dastlab tergov organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, so‘ng Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan rahbarning xizmatni qay tarzda tashkil etishi, uning o‘z ustida ishlashi, zamonaviy bilim-ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi, tanqidiy va mantiqiy fikrlay oladigan, o‘zining kasbiy kompetensiyalarini muntazam ravishda oshirib borishi shartligini bayon etdi. Rahbar har qanday vaziyatlarda ham og‘ir-bosiq, maʼnan yetuk, oila va jamiyatda o‘zgalarga o‘rnak bo‘ladigan, o‘zining, o‘zgalarning hamda Vatanining nufuziga putur yetkazadigan xatti-harakatlardan tiyilishi, belgilangan odob-axloq qoidalariga ham qatʼiy rioya etishi, shuningdek, jamoani o‘zini orqasidan haqiqiy liderlardek ergashtira olish qobiliyatiga ega bo‘lmog‘i darkorligi, agar rahbar o‘z ustida ishlashdan to‘xtab qolsa, u nafaqat o‘zining rivojlanishi, balki o‘zi xizmat qilayotgan tashkilotining ham rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi haqida alohida to‘xtalib, bu kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganda, tashkilotda turli xil kelishmovchiliklar, tushunmovchiliklar, sansalorliklar va albatta, tanazzul eshiklari ochilishiga sabab bo‘lishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari bugungi zamonaviy rahbar quyi bo‘g‘inga tushib, dolzarb muammolar va tashabbuslarni jamoasi bilan birga baham ko‘rib, xalq ichiga kirib, ishlash davri kelganligini alohida taʼkidlab, IIO xizmat qilayotgan rahbarlarning tahliliy-taktik hamda strategik fikrlash, tahlil qilish, rejalashtirish, boshqaruv sohasidagi turli muammolarning optimal yechimlarini topish, tashabbuskorlik va yetakchilik ko‘nikmalariga ega rahbar kadrlarni tayyorlash samaradorligini oshirishga qaratilgan fikrlari haqida tushuntirib, kelgusida rahbarlar tomonidan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlarni qay tarzda amalga oshirish bo‘yicha mulohazalarini berib o‘tdi.

Mashg‘ulot so‘nggida tinglovchilar xizmatni tashkil etish, tergov sifatini oshirish haqidagi hamda boshqa o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishdi.

Muallif: Tergov departamenti Kadrlar bulinmasi

MTB inspektori mayor G.K. Nabiyev

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech