O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

IIV huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi tizimlarida 4 oylik faoliyat sarhisob qilindi

2020 yilning 23 may kuni soat 10:00 larda Tergov boʼlinmalarining 2020 yilning 4 oylik ish faoliyati, amalga oshiriladigan ishlar, yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklar hamda kelgusida bajarilishi lozim boʼlgan vazifalar boʼyicha videokonferentsaloqa tizimi orqali tezkor yigʼilish oʼtkazildi.

Tezkor yigʼilishda Qoraqalpogʼiston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBBlari, viloyatlar IIB, hamda Transportda XTBBlari huzuridagi tergov boshqarmalari rahbarlari, tergov faolyatini tashkillashtirish boʼlim xodimlari hamda shahar-tuman tergov boʼlinmalari rahbarlari markaziy studiyalardan turib qatnashdilar.

Yigʼilish tanqidiy ruhda oʼtkazilib, unda tergov boʼlinmalari tomonidan jinoyat ishlarini tamomlash koʼrsatkichlari, jabrlanuvchi va fuqaroviy daʼvogarlarga yetkazilgan moddiy zararni undirish ahvoli, tergov boʼlinmalari tomonidan ayb eʼlon qilinib, sudlarga yuborilgan jinoyat ishlari boʼyicha sudlar tomonidan ayblanuvchilarning oqlanishi holatlarining uchrayotganligi, shuningdek, surishtiruv va tergov harakatlarining har tomonlama, toʼla va xolisona olib borilmaganligi, ayblanuvchilarning harakatlari notoʼgʼri malakalanganligi oqibatida prokuratura organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʼshimcha tergov harakatlari oʼtkazish uchun qaytarilayotganligi, fosh etilmagan va qidiruv asosida toʼxtatilayotgan jinoyat ishlar boʼyicha qabul qilingan toʼxtatish haqidagi qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinishi achinarli holat ekanligi taʼkidlandi.

Tergov departamentiga kelib tushayotgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tahlil qilinganda, ayrim tergov xodimlari tomonidan protsessual harakatlarni oʼtkazish jarayonida fuqarolar bilan nosamimiy muloqotga kirishayotganligi, protsess ishtirokchilari bilan qoʼpol munosabatda boʼlayotganligi holatlari kuzatilayotganligi alohida qayd etilib, kelgusida bu kabi holatlarni takrorlanishini oldini olish borasida koʼrsatma va topshirigʼlar berildi.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech