O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

IIV huzuridagi Tergov departamentida tergov bo‘linmalari xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 18 apreldagi PQ-2898-son Qaroriga asosan, ichki ishlar organlarining tergov bo‘linma xodimlarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish, xodimlar kasbiy tayyorgarligining yuqori darajasini taʼminlash maqsadida joriy yilning 16-17 iyun kunlari Tergov departamentining quyi tergov bo‘linmalarida xizmat qilayotgan surishtiruvchi va tergovchilarni departamentga jalb qilgan holda qisqa muddatli amaliy o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotlarida surishtiruvchi va tergovchilarga boy tajribaga ega mutaxassis xodimlar tomonidan ayrim turdagi jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari bo‘yicha maʼruzalar  o‘qildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-105-son Qarori asosida tashkil etilgan “Elektron surishtiruv va tergov yagona axborot tizimi” bo‘yicha hujjatlar almashinuvi jarayoni yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Amaliy o‘quv mashg‘ulotlari doirasida surishtiruvchi va tergovchilar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Xadicha Sulaymonova” nomidagi respublika sud ekspertizasi markaziga tashrif buyurishib, markazlar ish faoliyati bilan yaqindan tanishishdi hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Muallif: Tergov departamenti Kadrlar bulinmasi

MTB inspektori mayor G.K. Nabiyev

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech