O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2018 yil 13 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi ish boshladi. Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan so‘ng senatorlar ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga kirishdilar.

Parlament a’zolari ishni O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Senatorlar o‘z chiqishlarida mamlakatimizning kelgusi yilga mo‘ljallangan eng muhim moliyaviy hujjati O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasi to‘g‘risida” 2018 yil 29 iyundagi Farmonida nazarda tutilgan o‘zgartishlar asosida ishlab chiqilganini ta’kidladilar.

2019 yilda Davlat byudjeti daromadlari 102,6 trln. so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, bu esa 2018 yilga nisbatan 38% o‘sishni anglatadi. Davlat byudjeti xarajatlarining umumiy summasi 107,1 trln. so‘mni  yoki joriy yilga nisbatan 36,4 foizga ko‘proqni tashkil etadi.

Bunda ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan sarflanadigan xarajatlar 57,8 trln. so‘mdan ortiqni yoki barcha xarajatlarning 54 foizini tashkil etadi (2018 yilga nisbatan o‘sish - 34,4 %). Bunda ta’limga sarflanadigan xarajatlar avvalgi yilga nisbatan 25,5 foizga oshadi va 28,4 trln. so‘mni yoki barcha xarajatlarning 49 foizini tashkil etadi. Sog‘liqni saqlashga sarflanadigan xarajatlar 2018 yilga nisbatan 30,5 foizga oshadi va 12,1 trln. so‘mni yoki barcha xarajatlarning 11,3 foizini tashkil etadi. Ijtimoiy nafaqalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiyalar to‘lash uchun sarflanadigan xarajatlar 5,2 trln. so‘mni tashkil etadi, bu esa 2018 yilga nisbatan 61,8 foizga ko‘proqdir.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 478 ta aholi punktida yashash sharoitlarini yaxshilashga 6,3 trln. so‘m yo‘naltiriladi. 2019 yilda Davlat byudjeti taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1% miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasiga muvofiq 2019 yilda yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish nazarda tutilmoqda. Mehnatga haq to‘lash fondiga soliq yuki ham barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish orqali kamaytiriladi, shundan 0,1 foizi shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallarini bekor qilish nazarda tutilgan.

Bo‘lg‘usi yilgi Davlat byudjetida byudjet sohasi xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yilda ish haqi, pensiyalar, ijtimoiy to‘lovlar va stipendiyalarni har yarim yilda avvalgi yildagi inflyatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirish taklif etildi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab ijtimoiy nafaqalar miqdorlarini mutlaq summada belgilash nazarda tutilmoqda.

Mamlakatimizning bosh moliyaviy hujjatida Davlat byudjetini rejalashtirish va ijro etishni takomillashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hududlar soliq salohiyatini kengaytirishdan, byudjet tizimi turli darajadagi byudjetlarining moliyaviy oqimlarini birlashtirishdan manfaatdorligini oshirish bo‘yicha aniq tadbirlar belgilangan. Rejalashtirilgan islohotlarning amalga oshirilishi milliy iqtisodiyotning barqarorligini, davlat o‘z vazifalarini muvaffaqiyatli bajarishini va mamlakatning izchil rivojlanishini ta’minlaydi. Muhokama yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.

Shuningdek senatorlar “Soliq va byudjet siyosatining 2019 yilgi asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqib ma’qulladilar.

So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini tuzish, ijro etish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Qonunda O‘zbekiston qonun hujjatlari tizimida xalqaro shartnoma maqomi, tayanch tushunchalar mustahkamlanmoqda, ushbu sohadagi terminlar va ta’riflar umume’tirof etilgan xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq keltirilmoqda, shuningdek xalqaro shartnomalarni tuzish jarayoni aniq tartibga solinmoqda.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishning quyidagi usullari belgilanmoqda: xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qo‘shilish.

Qonunda xalqaro shartnomalar bajarilishi ustidan monitoring olib borish mexanizmlari belgilanmoqda, bu esa zamonaviy AKTdan foydalangan holda yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, davlat organlari tomonidan har yili 31 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligiga xalqaro shartnomalarni bajarish to‘g‘risida axborot yuborish, xalqaro shartnomalar ijrosi holati samaradorligini baholash, ularning tegishlicha bajarilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar tayyorlash nazarda tutilmoqda.

So‘zga chiqqanlar qayd etganlaridek, Qonun davlat organlari ishlari samaradorligini oshirishga, ularning javobgarligini va ular tomonidan ishlab chiqiladigan hujjatlar sifatini oshirishga, tomonlar tarafidan bitimlar tegishlicha bajarilishi ustidan nazoratni ta’minlashga, shuningdek yuzaga kelayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish uchun oldini oluvchi choralar ko‘rishga,  mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishning asosiy vositalaridan biri sifatida xalqaro hamkorlikning

shartnomaviy-huquqiy bazasini boyitish va takomillashtirishga, respublika uchun istiqbolli bo‘lgan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama shartnomalar tuzishga, xalqaro huquq umume’tirof etilgan normalarining ustunligini ta’minlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining Konsullik ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar. Konsullik ustavi GFR, Frantsiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Janubiy Koreya, MDH mamlakatlari kabi xorijiy mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Hujjatda xorijda mamlakatimiz manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha konsullik muassasalarining asosiy vazifalari mustahkamlanmoqda.

Hujjatda fuqarolar va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jumladan, konsullik okrugi hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan fuqarolarga ko‘maklashish, saylov huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashish, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni yo‘qotganda ko‘maklashish bo‘yicha konsul funktsiyalari kengaytirilmoqda.

Konsullik mansabdor shaxsining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi belgilanmoqda, uning faoliyati samaradorligini baholash mezonlari joriy etilmoqda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish, masalan, viza so‘rovnomalari, hujjatlarni talab qilib olish uchun arizalar berish, konsullik hisobiga olish kabi xizmatlar ko‘rsatishga doir konsullik funktsiyalari mustahkamlanmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunda himoya qilinuvchi shaxslar ro‘yxati nazarda tutilmoqda, ularning himoyasini ta’minlovchi davlat organlari doiralari belgilanmoqda. Hujjatga muvofiq ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati organlari, prokuratura organlari, sudlar himoyani ta’minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi organlar hisoblanadi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari, davlat xavfsizlik xizmati organlari, harbiy qismlar va Qurolli Kuchlari harbiy tuzilmalarining yuqori turuvchi qo‘mondonligi xavfsizlik choralarini ta’minlashi, aholini ijtimoiy himoya qiluvchi organlar va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan boshqa organlar esa ijtimoiy himoya choralarini ta’minlashi belgilab qo‘yilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Qonunda himoya qilinuvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash, shaxsni, uy-joyni va boshqa mol-mulkni qo‘riqlash, maxsus individual himoya vositalarini va texnik vositalarni berish, vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirish, boshqa yashash joyiga ko‘chirish, ish yoki o‘qish joyini o‘zgartirish, hujjatlarni almashtirish, himoya qilinuvchi shaxs haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni cheklash kabi xavfsizlik choralari nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, himoya qilinuvchi shaxslarning shaxsiy va mulkiy xavfsizlikni ta’minlash, ijtimoiy himoya choralarini qo‘llash, qo‘shimcha xavfsizlik choralarini qo‘llash haqidagi ariza bilan murojaat etish, himoya qilishni ta’minlovchi organlarning qarorlari va harakatlari ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat qilish bo‘yicha huquqlari va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonunga ko‘ra himoya qilinuvchi shaxslar xavfsizlik choralarini ta’minlovchi organning qonuniy talablarini bajarishi, o‘ziga nisbatan qilingan har bir tahdid yoxud g‘ayriqonuniy harakatlar to‘g‘risida ularni darhol xabardor qilishi, xavfsizlikni ta’minlash uchun o‘ziga berilgan mol-mulkni asrab-avaylashi, o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan xavfsizlik choralari haqidagi ma’lumotlarni oshkor etmasligi shart. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Urug‘chilik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun urug‘chilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga, urug‘likni eksport qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, urug‘chilik sohasida sub'yektlarning huquq va majburiyatlarini belgilashga qaratilgan.

Qonunda investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, infratuzilma va servis xizmatlarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va faoliyatning zamonaviy shakllarini joriy etish, urug‘liklarni ko‘paytirishning va ular bilan iste’molchilarni ta’minlashning samarali tizimini yaratishni nazarda tutadigan urug‘chilik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda, urug‘liklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, ularga ishlov berish, ularni saqlash, ishlatish va realizatsiya qilish masalalari tartibga solinmoqda. Urug‘lik yetishtiruvchilarning reyestrini yuritish tartibi ham belgilab qo‘yilmoqda.

Senatorlarning fikricha, Qonun urug‘chilik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmini yanada takomillashtirishga, urug‘liklarni eksport qilish, urug‘liklar toifalarini xalqaro toifalarga muvofiq belgilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, urug‘chilik sohasidagi sub'yektlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilashga, urug‘liklar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng, senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Qonunda 26 yanvar kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilash nazarda tutilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risidagi Qonun bojxona organlariga shaxsiy tarkibning ma’naviy-axloqiy va ma’rifiy-ruhiy tarbiyasini oshirish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ko‘rib chiqildi. Qonun bilan aprel oyining birinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni etib belgilanmoqda.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, Qonun respublika yoshlari orasida geologiya sohasini ommalashtirishga, yuqori malakali xodimlarning potentsial sonini oshirishga, geologik qidiruv ishlarining samaradorligini oshirishga, sanoat miqyosida o‘zlashtirish uchun o‘tkaziladigan yangi foydali qazilmalar konlari ochilishini rag‘batlantirishga, respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shgan geologlarning mehnatini rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi

Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Mehnat kodekslariga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Jinoiy va ma’muriy qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar  mamlakatdagi jamoat tartibini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlardan iborat va tilanchilik bilan shug‘ullanganlik hamda voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etganlik uchun javobgarlikni belgilab qo‘yishga qaratilgan. O‘zgartishlar mehnat qonunchiligini ham chetlab o‘tmadi. Ishga qabul qilish tartibi va ish beruvchining mazkur jarayondagi mas’uliyatiga oid ayrim nizomlar soddalashtirildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, Qonun chaqaloqlar va bolalar, voyaga yetmagan shaxslar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksa odamlar ishtirokida tilanchalik qilish hollarining oldini olishga, jamiyatning axloqiy qadriyatlarini himoya qilishga, energetik ichimliklarni haddan ortiq iste’mol qilish yoki suiste’mol qilishning oldini olishga, shuningdek fuqarolar sog‘lig‘ini asrashga, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.  Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasining 17 ta qonuni va 6 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.  Qonun davlat organlari o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishi uchun yanada qulay shart-sharoit yaratishga, ular faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi qonunlarga va Uy-joy kodeksiga prokuratura organlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan prokuratura organlarini moliyalashtirish va moddiy-texnik jihatdan ta’minlash imkonini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Davlat soliq xizmati organlarining  asosiy vazifalari qatoridan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini tekshirish masalalari bo‘yicha nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’minlash, bunday ishlarni bajarishda takrorlanish va suiiste’molliklarga yul qo‘ymaslik  vazifalari chiqarib tashlanmoqda. 

Qonunga kiritilgan tartibga ko‘ra uy-joy ob'yektining manzili bo‘yicha doimiy propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash bo‘yicha majburiyatlar yuzasidan solidar javobgar bo‘ladi.

“Arxiv ishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki universal huquqiy vorislik tartibida yoxud boshqa usulda bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tkazish uchun ruxsat berish funktsiyalarini “O‘zarxiv” agentligi vakolatlaridan chiqarib tashlashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga tegishli ravishda hududiy adliya boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) adliya bo‘limlari boshliqlarining axborotini eshitish hamda axborotni eshitish tartibini belgilash vakolatini berishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.

Qonunda adliya organlari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga shartnoma majburiyatlarini tuzish va bajarishda huquqiy yordam ko‘rsatishini, shuningdek xo‘jalik shartnomalarini ijro etish jarayonini nazorat qilishini nazarda tutuvchi norma chiqarib tashlanmoqda. Shunday tartib kiritilmoqdaki, unga ko‘ra Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini boshqa turdagi ekspertizalarni o‘tkazib bo‘lgandan so‘ng majburiy ravishda amalga oshiradi. Tegishli adliya organlariga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish vazifalari yuklanmoqda.

Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihasiga ilova etilgan hujjatlar ro‘yxatiga qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining xulosasi kiritilmoqda.

Shuningdek, ayrim qonunlarga tashqi ishlar vaziriga Moliya vazirligi bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalarining  har yilgi xarajatlari yig‘ma smetasini va xarajatlar smetalarini tasdiqlash huquqini berishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar ham kiritilmoqda.

“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jarima solish haqida qarorlar qabul qilishni monopoliyaga qarshi organning vakolatlaridan chiqarishni va raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish vazifalarini monopoliyaga qarshi organdan tegishli sudlarga o‘tkazishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra Oliy Majlis Senati har yili O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotini eshitadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra Senat a’zolari “Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Bunga ko‘ra sudlarga davlat bojini to‘lash bo‘yicha amaldagi 74 ta imtiyozdan 17 tasini bekor qilish, yangi tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozod etiladigan shaxslar va organlar ro‘yxatini belgilash, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar uchun davlat bojini undirish ob'yektlarini birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun bilan joriy etilayotgan tartibga ko‘ra, ayrim toifadagi shaxslarga nisbatan talablarni qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, ushbu shaxslardan sudlarda davlat boji talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Qonunda belgilanishicha, davlat bojini to‘lashdan ozod etilgan davlat organlari va boshqa shaxslar tomonidan yuridik shaxslar va fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab bildirilgan talablarni qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji manfaatlari ko‘zlangan shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish hamda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqildi. Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 maydagi Farmonidan kelib chiqqan holda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining asosiy vazifalari va funktsiyalari belgilab berilgan. O‘zbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 5 ta kodeksiga kontseptual, texnik va aniqlashtiruvchi o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi koldeksiga va Jinoyat kodeksiga qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olganlik yoki o‘tkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Ta’kidlanganidek, Qonun iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi profilaktika tadbirlari samaradorligini yanada oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Qishloq xo‘jaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq  xo‘jaligi  ekin  maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga hamda 2017 yil 10 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qonun bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, Yer kodeksi va Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar mazkur Qonun fermer va dehqon xo‘jaliklarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdan, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan tizimini huquqiy asosda o‘rnatishdan shaxsiy manfaatdorligini va javobgarligini oshirishga ko‘maklashishini qayd etdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Fonogramma tayyorlovchilarning manfaatlarini ularning fonogrammalari noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konventsiyaga (Jeneva, 1971 yil 29 oktyabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi, “Butunjahon intellektual mulk tashkilotining mualliflik huquqi bo‘yicha shartnomasiga (Jeneva, 1996 yil 20 dekabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi, “Butunjahon intellektual mulk tashkilotining ijrolar va fonogrammalar bo‘yicha shartnomasiga (Jeneva, 1996 yil 20 dekabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2018 yil 17 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2008 yil 28 avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini ko‘rib chiqib ma’qulladilar.

Shundan keyin senatorlar Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi raisining Komissiya faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Bugun O‘zbekistonda xalqaro normalar va standartlarni milliy qonun hujjatlari va amaliyotga tatbiq etishga, bu orqali fuqarolar konstitutsiyaviy mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. 

Oliy Majlis Senatining 2017 yil 4 oktyabrdagi Qarori asosida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi, hududlarda esa hududiy komissiyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘tgan davr mobaynida Parlament komissiyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirildi, O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-konventsiyasi va “Majburiy mehnatni bekor qilish to‘g‘risida”gi 105-konventsiyasi ijrosi o‘rganildi. Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash, davlat organlarida majburiy mehnatning barcha shakllarini o‘z vaqtida aniqlash va yo‘q qilish maqsadida o‘zaro aloqaning zamonaviy mexanizmlari joriy etildi.

Parlament komissiyasi tomonidan hududiy komissiyalar, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash bilan birgalikda O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan XMTning 14 ta konventsiyasi haqidagi ma’lumotlar aks etgan 8 mingdan ziyod qo‘llanma tayyorlandi. Aholining, shu jumladan ijtimoiy soha vakillarining, korxonalar, tashkilotlar va fermerlik xo‘jaliklari rahbarlarining huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan 100 dan ortiq seminar, turli tadbirlar, ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda 12 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xorijiy ekspertlar tomonidan ijobiy baholanayotgani qayd etildi. Bunda majburiy mehnatning har qanday turlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazorati samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Text to speech