O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2018 yil 27 sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, mamlakatimiz hamda chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan keyin senatorlar ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishga kirishdi.

Parlament a’zolari ishni yangi tahrirdagi “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokamasidan boshladilar. 

Ushbu Qonun bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, fuqarolar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarini yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.

Qonunga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoyalash, bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, qonun hujjatlari buzilishlarining, shu jumladan kontrabandaning oldini olish, ularni aniqlash va bunga chek qo‘yish O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmatining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonunda bojxona organlarining huquqbuzarliklar oldini olish, fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirish, xavfni boshqarish tizimi qo‘llanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazoratning texnik vositalarini qo‘llash, bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, tashqi savdo operatsiyalarining monitoringini amalga oshirish, eksport-import shartnomalarining ijrosini tahlil qilish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarining bojxona organlariga taalluqli qismini o‘tkazishda valyuta to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etish, tovarlarning tashqi savdosiga doir bojxona statistikasini hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasini yuritish kabi yangi vazifalari belgilab berilmoqda.

Bojxona organlari faoliyatining qonuniylik, yagonalik, ochiqlik va shaffoflik, jismoniy hamda yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilishdan iborat asosiy printsiplari qonunchilik yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Ta’kidlanganidek, ushbu Qonunda xodimlarning qo‘shimcha huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilmoqda hamda xizmatni o‘tashning quyidagi batafsil tartibi va shartlari belgilab berilmoqda: xizmatga qabul qilish, maxsus unvonlar berish, bu unvonlarni pasaytirish va ulardan mahrum qilish, xodimlarni tayinlash va ozod etish, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, xodimlarni safarga yuborish, attestatsiyadan o‘tkazish, ularga ta’tillar berish, xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash, xizmatni o‘tash rejimini ta’minlash. Shuningdek, bojxona xizmati organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralariga aniqlik kiritilmoqda.

So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, Qonun bojxona organlari xodimlari majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq huquqiy xatti-harakatlar kafolatlarini mustahkamlashga, ularni moddiy va ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Ta’kidlanganidek, Qonunda O‘zbekiston fuqarolarini ham mamlakatimiz korxonalarida, ham xorijda ishga joylashtirish imkoniyatlarini oshirish va kengaytirish, davlat xizmatlari va xususiy bandlik sektori hamkorligining mexanizmlarini aniq tartibga solish, ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlarini, shu jumladan xususiy bandlik agentliklarining, korxonalarning va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilab berish nazarda tutilmoqda.

 Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatlari mustahkamlanmoqda. Qonun normalariga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar aholi bandligini ta’minlashga, shu jumladan xorijda fuqarolarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan dasturlar va loyihalarni amalga oshirishga xususiy bandlik agentliklarini jalb qilish, fuqarolarni ishga joylashtirish sohasidagi davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish, fuqarolarni ishga joylashtirish masalalari bo‘yicha axborot kampaniyalari, konferentsiyalar, simpoziumlar, seminarlar tayyorlash va o‘tkazishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. 

So‘ngra senatorlar “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov jarayonining ochiq-oshkoraligi printsiplariga rioya etishga, fuqarolar yig‘inlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini ta’minlashga, fuqarolar yig‘inlarining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilgacha uzaytirilmoqda.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida fuqarolarning kengroq ishtirokini ta’minlash maqsadida Qonunda mamlakatning har bir hududi aholisi soni hisobga olingan holda hovlilar, uylar, ko‘chalardan fuqarolarning eng kam vakillik normasi belgilanmoqda. Differentsiyalashgan kvotani ta’minlash maqsadida eng kam vakillik normasini foizlarda belgilashni nazarda tutuvchi qoida mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bunga ko‘ra fuqarolarning eng kam vakillik normasi saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarning 12 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. Qonunda fuqarolar vakillariga talablar belgilanmoqda. Odatda, bu tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega shaxslardir.

Qonunga muvofiq saylovni respublika darajasida tashkil etish va o‘tkazish bilan Senat Kengashi tomonidan tashkil etiladigan Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi shug‘ullanadi. Uning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritilishi mumkin.

Fuqarolar xohish-istagini biror-bir tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash uchun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida yashirin ovoz berishni o‘tkazish belgilanmoqda.

Qonun normalariga muvofiq fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish, saylov o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar, ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi axborotni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlarning rasmiy veb-saytlariga saylov o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin joylashtirish lozim. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.  Qonun fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida ishtirok etishga doir fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratishga, saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlashga, fuqarolar yig‘ini raisiga (oqsoqoliga) o‘z bilim va boshqaruv mahoratlarini namoyon etishlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasidan va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan “va ularning maslahatchilari” degan so‘zlar chiqarib tashlanmoqda. Konstitutsiyadan fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolatlari muddati ham chiqarilmoqda, bu o‘z aksini “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida topgan.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Qonun qabul qilinishi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov jarayonining ochiqligini, fuqarolar yig‘inlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini ta’minlaydi, fuqarolar yig‘inlarining kadrlar salohiyatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshiradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Qonunda 5 aprelni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilash nazarda tutilmoqda.

Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi harbiy xizmatchilar orasida harbiy-vatanparvarlik, axloqiy-ma’naviy ishlarni kuchaytirishga, xizmat burchiga sadoqat ruhini shakllantirishga, harbiy xizmatchilar va xodimlarda tanlagan kasbiga nisbatan g‘urur hissini shakllantirishga, shaxsiy tarkibning jipsligini, xizmat faoliyatining samaradorligini oshirishga, fuqarolar, shu jumladan yoshlarning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga hamda harbiy xizmatning o‘ziga jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati a’zolari “Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonunning maqsadi iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartishlarda ayrim turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun beriladigan litsenziyaning amal qilish muddati cheklanishini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlari ro‘yxatidan faoliyatning quyidagi to‘rtta turi chiqarib tashlanmoqda: aeroportlarda havo orqali tashish bilan bog‘liq havo kemalariga xizmat ko‘rsatish; audiovizual asarlar tayyorlash, takrorlash va ekranda ko‘rsatish; audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun dasturlarni realizatsiya qilish, ijaraga berish; tamaki xomashyosini fermentatsiyalash. Bunda faoliyatning to‘rtta litsenziyalandigan turi - telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmatlar ko‘rsatish bitta turga birlashtirilmoqda.

Qonunda ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan korxonalar uchun ayrim talablar, jumladan tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlangan bo‘lsa, tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslari vakolatli organ bilan kelishish zarurligi, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi haqida vakolatli organning xulosasi kerakligi, tovar bojxona hududida qayta ishlangan bo‘lsa, tovarni qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslari vakolatli organ bilan kelishish zarurligi to‘g‘risidagi talablar bekor qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Qonun bilan bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma xususiyatiga ega hujjatning, shuningdek bojxonada rasmiylashtiruvchi mutaxassisda malaka attestati bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi talabning bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 12 sentyabrdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq banklarga mikroqarzlar berish huquqini beruvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. Bunda mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha yillik qarz miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash taqiqlanmoqda.

Senatorlar Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va umuman iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Fuqarolik, Uy-joy va Soliq kodekslariga hamda “Notariat to‘g‘risida”gi va “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan kiritilayotgan o‘zgartishlarda advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash, yuridik xizmat xodimi sifatida, sudya, tergovchi, prokuror lavozimida kamida 3 yil ish stajiga ega ayrim toifadagi shaxslarga advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Qonunda advokatlik byurosini ta’sis etgan advokatlarga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘ziga tegishli bo‘lgan turar joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirish huquqi berilmoqda. Bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish maqsadida noturar joylar toifasiga o‘tkazish talab qilinmaydi. Advokatga patent vakili va mediator sifatida, shartnoma asosida davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, shuningdek hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatida faoliyat olib borish huquqi berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 maydagi “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini notarial tasdiqlashni bekor qilish, notarial tasdiqlanishi lozim bo‘lgan xatti-harakatlar ro‘yxatini maqbullashtirish, yuridik shaxs kollegial organining iltimosi bilan uning kollegial organlari tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini notarial tasdiqlash, notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tash muddatini 2 yildan 1 yilga qisqartirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, notarius lavozimiga nomzodlar uchun sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslarga majburiy stajirovka o‘tash talablari bekor qilinmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Aholining ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini ta’minlash va uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga o‘zgartishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi “Mehnat faoliyatini olib borayotgan pensionerlarning alohida toifalariga qulay sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan joriy etilayotgan tartibga ko‘ra pensioner O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ortiqcha to‘langan pensiya summasini ushlab qolish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, aniqlangan qarzdorlik u aniqlangan sanadan boshlab ko‘pi bilan uch yil uchun sud orqali undiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi “Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq  davlat va xususiy uy-joy fondlarida ichimlik suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari 100 foizlik haq to‘lash asosida ko‘rsatiladi. Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, bu joylarni ijaraga oluvchilarga suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq to‘lash amalga oshirilmagan taqdirda, suv ta’minoti va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Qonun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi jinoiy, jinoiy-protsessual va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgani qayd etildi.

Jumladan, Qonunda yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriloqda.

Shuningdek Qonunda hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida bo‘lgan shaxsga shoshilinch va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiluvchi boshqa huquqbuzarliklar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Muhokama chog‘ida Qonun qabul qilinishi jamoat xavfsizligini ta’minlashning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga ko‘maklashishi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar qayd etganidek, Qonun amaldagi qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirishga, mansabdor shaxslar javobgarligini kuchaytirishga hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga suvlarning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzganlik, suv xo‘jaligi inshootlari va qurilmalarini shikastlantirganlik, ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzganlik, shuningdek sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, zararsizlantirish, saqlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun choralar kuchaytirilishini nazarda tutadigan qo‘shimchalar kiritilmoqda.

“Chiqindilar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida hisobga olish va nazorat qilish, chiqindilarni ko‘mib tashlash va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish, chiqindilarni transchegaraviy tashish kabi faoliyat turlari hisobiga “chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish” tushunchasi mazmuni kengaytirilmoqda. Shuningdek sanoat chiqindilarini va maishiy chiqindilarni maxsus texnik moslamalarsiz zararsizlantirish taqiqlanmoqda.

Ta’kidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirishga, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va fuqarolar javobgarligini oshirishga, shuningdek maxsus vakolatli davlat organlarining tezkor va samarali faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun odil sudlovni amalga oshirish va sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan. Jumladan, sudlov hay’atlari va quyi turuvchi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishda Oliy sud raisi o‘rinbosarlarining - tegishli sudlov hay’atlari raislarining javobgarligini kuchaytirish maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq mazkur shaxslar Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlari ishiga rahbarlik qilish bilan birga tegishli sudlov hay’atlarining sud majlislarida raislik qiladi, tegishli sudlov hay’atlarining majlislarida ishlarni ko‘rib chiqish uchun tarkiblarni shakllantiradi, quyi turuvchi sudlar faoliyatini tashkil etishda ko‘maklashadi.

“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarda sud va qo‘yi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirishda viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sud raislari va o‘rinbosarlarining mas’uliyatini kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng qo‘llanilishini ta’minlash, shuningdek sudyalar o‘rtasida ishlarni to‘g‘ri va bir xil taqsimlash maqsadida kiritilayotgan o‘zgartish sud ishlarini avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taqsimlashga qaratilgan. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti Ustavi va Tartib-qoidalarini (Istanbul, 1999 yil 7 noyabr, 2017 yil 7 may holatidagi o‘zgartirishlar bilan) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga kiritilgan tuzatishni (Abidjan, 2017 yil 10-11 iyul) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi, “Parij bitimini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarni ko‘rib chiqdilar. Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n oltinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

Text to speech