O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot
2019 yil 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Oliy Majlis Senati Kengashi a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, vazirliklar, idoralar, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalasi muhokama etildi.
So‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda mahalla instituti fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ishonchli poydevor va ta’sirchan kuchga aylanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Natijada jamiyat hayotining samarali milliy shakli hisoblangan mazkur noyob tuzilma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘ldi va aholining keng qatlamlarini davlat hokimiyati organlari bilan bog‘lab turuvchi mustahkam ko‘prikka aylandi. So‘nggi yillarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini takomillashtirish, mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’sirchanligini yanada kuchaytirish, vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Qayd etilganidek, bu galgi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida bo‘lib o‘tadi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2018 yilning oktyabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yildi.
Muhokama chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi a’zolari qayd etganidek, mamlakatimizning 9019 ta mahallasida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari)ni saylash jarayonida fuqarolarning ishtirok etish konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb qilish, saylovning barcha ishtirokchilari amaldagi qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqi tamoyillariga so‘zsiz va qat’iy rioya etishini ta’minlash, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) lavozimlariga ko‘rsatiladigan nomzodlar, ularning ishchanligi va axloqiy fazilatlari bilan fuqarolarni har tomonlama tanishtirish bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi eng muhim talablar va aniq maqsadga qaratilgan vazifalar hisoblanadi.
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha avvalgi saylovlarda orttirilgan tajriba va qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi joriy yil may oyida o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.