Ijtimoiy tarmoqlarda “Gulistonda choyxona yoqib yuborilgan. Jabrlanuvchining IIBga arizasi koʼrib chiqilmayapti” sarlavhasi ostida chiqarilgan maqola yuzasidan.
“Kun.uz” saytida 2020 yilning 20 aprel kuni “Gulistonda choyxona yoqib yuborilgan. Jabrlanuvchining IIBga arizasi koʼrib chiqilmayapti” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolasiga Tergov departamenti aniqlik kiritib ketishni lozim topdi.
Аniqlanishicha: 2020 yil 1 apreldan 2 aprelga oʼtar kechasi nomaʼlum shaxs oʼzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish maqsadida Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Madaniyat mahallasida joylashgan fuqaro B.Yu.,ga tegishli xususiy korxona nomidan ijara asosida yuritib kelinayotgan fuqaro N.А., ga qarashli “Аzizbek” choyxonasini yoqib yuborib, hodisa joyidan yashiringan.
Yongʼin oqibatida “Аzizbek” choyxonasining devor va shift qismining qoplamasi, mebelь, maishiy texnika uskunalari va boshqa bir qancha buyumlar yonib zararlangan. Buning oqibatida jami 57.528.000 soʼmlik zarar yetkazilganligi maʼlum boʼlgan.
Mazkur holat yuzasidan Guliston shahri boʼyicha IIO FMB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan 10.04.2020 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasi 1-qismi ( Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilgan.
Bundan tashqari, maqolada koʼrsatib oʼtilgan «Nexia» rusumli avtomashinaning yoqib yuborilganligi holati yuzasidan aniqlik kiritilganida, 2019 yil 16 yanvarь kuni XK rahbari fuqaro B.Yu., Guliston shahri boʼyicha IIO FMB boshligʼi nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019 yil 13 yanvar kuni oʼziga tegishli boʼlgan “Nexia” rusumli avtomashinasini “Аzizbek” choyxonasi oldida qoldirgan vaqtida tanishi Sh.K., avtomashinaning ichki qismini benzin yoqilgʼisi bilan yoqib yuborganligini maʼlum qilib, unga nisbatan qonuniy chora koʼrishni soʼragan.
Sudga oid transport-baholash ekspertiza xulosasiga koʼra, avtomashinaga 4.135.312 soʼmlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 173-moddasining dispozitsiyasida “Oʼzganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ancha miqdorni tashkil etsa” deb koʼrsatilgan. Ushbu jinoyat tarkibi yuzaga kelishi uchun (moddiy zarar ancha miqdor yaʼni bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha, aniqrogʼi kamida 22.300.000 coʼmni tashqil qilishi kerak) B.Yu., ga yetkazilgan moddiy zarar miqdori esa jinoyat ishini qoʼzgʼatish uchun yetarli emas. Ushbu holat yuzasidan Guliston shahri boʼyicha IIO FMB masʼul xodimlari tomonidan oʼtkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga koʼra, avtomashinaning ichki qismida yongʼinni Sh.K. sodir qilganligi oʼz tasdigʼini topmaganligi hamda ushbu harakatni sodir qilgan shaxsni shaxsiga aniqliq kiritish imkoniyati boʼlmaganligi sababli, 25.01.2019 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandi (qilmishda jinoyat tarkibining mavjud emasligi)ga asosan jinoyat ishini qoʼzgʼatishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.
Hozirgi vaqtda OАVni oʼrni fuqarolik jamiyatini qurishda juda katta ahamiyatga ega. OАV vakillari tomonidan fuqarolarning tashvishi va ularni qiynab kelayotgan muammoli masalalarni yoritishlari maqtovga sazovordir, biroq har bir chop etilayotgan maʼlumot haqqoniy va oʼz tasdigʼini topgan boʼlishi lozim. Shu sababdan OАV vakillaridan maʼlumotni xaqiqatga toʼgʼri kelishini tekshirib, obʼektiv baholagan holda oʼz fikrlarini xolisona bayon qilishsa maqsadga muvofiq boʼlar edi.