Yilning eng yaxshi tergovchisi va tergov jamoasi
IIV huzuridagi Tergov departamentining quyi tizimlarida xizmat qilayotgan surishtiruvchi va tergovchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi tergovchi” va “Eng yaxshi tergov jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha ko‘rik-tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi!
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 24 avgustdagi 539-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining joriy yil 4 sentyabrdagi Farmoyishiga asosan, Tergov departamenti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida “Eng yaxshi tergovchi” va “Eng yaxshi tergov jamoasi” nominatsiyalari bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu ko‘rik tanlov Ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari shaxsiy tarkibining kasbiy tayyorgarligini takomillashtirish, ularning bilim saviyasini oshirish, xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarliklarini kuchaytirish, amaliy ko‘nikmalarni egallaganliklarini aniqlash maqsadida tashkil qilingan.
Ko‘rik tanlovning hududiy bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan xodimlar tanlovning Respublika bosqichida o‘zaro va hududiy bo‘linmalar o‘rtasida bellashishdi.
Respublika bosqichida ishtirokchilar jami 5 ta shart bo‘yicha bahslashdilar:
- jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha (turnikda tortilish, 100 metr masofaga yugurish, 3000 metr masofaga yugurish);
- jangovar tayyorgarlik bo‘yicha (pistoletni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish hamda quroldan o‘q otish)
- intellektual va individual psixologik xususiyatlarni aniqlashga qaratilgan test sinovlari;
- bilim darajasini aniqlash bo‘yicha test sinovlari;
- ishtirokchilarning nazariy bilimlarini suhbat o‘tkazish yo‘li bilan baholash.
So‘ngi shartda xodimlarning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslarini amaliyotda qo‘llash, Oliy sud Plenumining qarorlari, boshqa meʼyoriy hujjatlar, ichki ishlar organlari faoliyatiga aloqador xalqaro huquqiy normalar, dastlabki tergov jarayonida inson huquqlarini taʼminlash, ish faoliyatida qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar bo‘yicha xodimlarning bilim saviyasi baholandi.
Murosasiz va qiziqarli kechgan bahslar yakunida ishtirokchilar o‘rtasida eng yaxshilari aniqlanib, qo‘yidagi esdalik sovg‘alar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi:
“Eng yaxshi tergov jamoasi” nominatsiyasining respublika final bosqichida:
3-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
-Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasi
- III darajali diplom, monoblok, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 14 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan (14 mln. so‘m) pul bilan,
2-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
-Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasi
-II darajali diplom, monoblok, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 16 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan
(16 mln. so‘m)pul bilan,
Faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
-Namangan viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasi
- mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan (20 mln.) pul bilan.
“Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasining respublika final bosqichida:
3-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
-Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani IIB huzuridagi tergov guruhi tergovchisi, leytenant Sadikov Jamshid Davronbek o‘g‘li
- III darajali diplom, har oylik pul taʼminotining 10 foizi miqdorida bir yil davomida to‘lanadigan pul (12 mln. so‘m) mukofoti bilan,
2-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
-Surxondaryo viloyati Denov tumani IIB tergov bo‘limi tergovchisi katta leytenant Mardonov Shoxrux Olimjon o‘g‘li
-II darajali diplom, har oylik pul taʼminotining 20 foizi miqdorida bir yil davomida to‘lanadigan pul (24 mln. so‘m) mukofoti bilan,
Faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritganligi uchun:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tergovchisi leytenant Reyipnazarov Timur Tuyelbayevich
- I darajali diplom, har oylik pul taʼminotining 50 foizi miqdorida bir yil davomida to‘lanadigan (60 mln. so‘m) pul mukofoti bilan taqdirlandilar.
Shuningdek, Ko‘rik-tanlovda faol ishtiroki hamda uni tashkillashtirishda faol ishtiroki uchun Vazir o‘rinbosarining faxriy yorlig‘i bilan bir qator xodimlar taqdirlandilar.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti