mayor Ulugʼbek Hamdamov
Ulugʼbek Hamdamov 1987 yili Samarqand viloyatining Kattaqoʼrgʼon shahrida tugʼilgan. Toshkent oliy harbiy texnika bilim yurtida harbiy xizmatni oʼtagan. 2008–2012 yillarda IIV Аkademiyasida taʼlim olgan. Xizmat faoliyatini 2012 yili Samarqand shahar IIB tergov boʼlimi tergovchisi lavozimidan boshlagan. Keyinchalik Ishtixon tumani IIB tergov boʼlinmasi katta tergovchisi, Samarqand viloyati IIB Tergov boshqarmasi katta tergovchisi vazifalarida faoliyat yuritgan. 2018 yildan IIV huzuridagi Tergov departamentida katta tergovchi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
U IIV tergov boʼlinmalari oʼrtasida respublika miqyosida oʼtkazilgan tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Xizmat faoliyati davomida yuksak kasb mahoratini namoyon etgani uchun vazirlik faxriy yorligʼi bilan mukofotlangan.
Mayor Ulugʼbek Hamdamov faoliyati davomida ogʼir va oʼta ogʼir jinoyat ishlarini namunali tergov qilib, jinoyatchilikka qarshi kurashda oʼzining yuqori kasb mahoratini namoyon etib kelmoqda.
– Tergovchining ishi ogʼir, deb oʼylashadi, – deydi u. – Аslida, hamma kasbning ham oʼziga xos qiyinchiliklari bor. Аgar inson oʼz kasbini sevsa, ishining ogʼirliklarini sezmaydi. Mehnati unga zavq bagʼishlaydi. Qolaversa, ichki ishlar organi xodimi boʼlish, jinoyatchilikka qarshi kurashish sharafli ish. Ichki ishlar organi xodimini muvaffaqiyatga yetaklaydigan omillarga keladigan boʼlsak, bu soha vakili egnidagi formasini gʼurur deb bilishi kerak. Odamlar bilan samimiy boʼlishi, ularni eshita bilishi, har doim ularga yordam berishi lozim. Tergovchi, ayniqsa, fidoyi, sadoqatli, tirishqoq va masʼuliyatli, keng mulohazali, har bir ishda xolis boʼlish kerak. Shundagina odamlar xodimga ishonadi, oʼz navbatida, xodim ham ularga suyana oladi.
Ulugʼbek Hamdamovning sportga qiziqishi boʼlakcha. Maktab davridanoq karate bilan shugʼullanib keladi. Sportda erishgan yutuqlari talaygina. Qora belbogʼ I DАN sohibi. 2017 yili Navoiy shahrida kattalar oʼrtasida mutloq vazn toifasida oʼtkazilgan XI mamlakat chempionatida ishtirok etib, 3-oʼrinni egallagan. 2018 yili esa kattalar oʼrtasida mutloq vazn toifasida mamlakat ochiq kubogida faxrli 1-oʼrinni egallab, diplom va oltin medalь bilan taqdirlangan.
Аdolat FАYZIEVА,
“Postda” muxbiri.