Ichki ishlar vazirligi tomonidan matbuot anjumani o’tkazildi
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan “TARAQQIYOT STRATEGIYASI” markazida huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash hamda respublika ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan matbuot anjumani o’tkazildi. Tadbirda vazirlikning bosh boshqarma, boshqarma boshliqlari va mas’ul xodimlari hamda mahalliy va respublikamizda akkreditatsiyadan o’tgan “TASS” axborot agentligi (Rossiya), “Sputnik” xalqaro axborot agentligi (Rossiya), “TRT” teleradiokanali (Turkiya), “Reyter” agentligi (Buyuk Britaniya) xorij OAV vakillari ham ishtirok etdi.
Matbuot anjumanini O’zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi boshlig’i, general-mayor Qutbidin Burxonov ochib, anjuman ishtirokchilarini respublika ichki ishlar organlarida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, o’tkazilayotgan islohotlar, erishilgan natijalar bilan tanishtirdi.
Ta’kidlash joizki, 2017-2018 yillar ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Xususan, vazirlik va hududiy ichki ishlar boshqarmalari shtat birliklarini qisqartirish evaziga barcha tuman-shahar ichki ishlar bo’limlarining tashkiliy tuzilmalari kuchaytirilib, yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o’tkazishga erishilib, takomillashtirilgan tizim yaratildi. Fuqarolarga qulayliklar yaratish, ichki ishlar organlarini aholiga yaqinlashtirish orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlari va huquqbuzarliklar profilaktikasini tizimli tashkil etish maqsadida, ichki ishlar bo’limlaridan olisda joylashgan aholi punktlarida qo’shimcha 175 ta ichki ishlar bo’linmalari va 824 ta tayanch punktlari tashkil etildi. Profilaktika inspektorlari soni 1102 nafarga oshirildi, vazirlik huzurida Tergov departamenti, joylarda esa surishtiruvchilar shakllantirildi.
Islohotlar o’z natijasini berib, jinoyatlar kamayishiga erishildi. 2018 yilning 10 oyida respublikada jami 38 ming 445 ta jinoyat ro’yxatga olingan bo’lib, avvalgi yilga nisbatan 21 ming 355 taga yoki 35,7 foizga kamaydi. Shu davrda respublikadagi mavjud 9015 ta mahallalarning 2789 tasida umuman jinoyat sodir etilishiga yo’l qo’yilmadi. Fuqaroligi bo’lmagan 1562 nafar shaxs O’zbekiston fuqaroligiga qabul qilinib, ularga O’zbekiston Respublikasining fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi. Yo’l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 2018 yilning 10 oyida 3 mln. 124 ming 266 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko’rildi. Qo’riqlash bosh boshqarmasi tomonidan 28 ming 767 ta xalq xo’jaligi ob’ektlari va 24 ming 726 ta xonadon qo’riqlanmoqda. Qo’riqlash xizmati tomonidan savdo shahobchalari, bozorlar, umumiy ovqatlanish tarmoqlari, maktablar, o’rta-maxsus o’quv yurtlari, madaniyat va istirohat bog’larida videokuzatuv moslamalari o’rnatilishi natijasida, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda 1424 ta jinoyatning oldi olindi. 2018 yilda xizmatda alohida namuna ko’rsatgan hamda yuqori ko’rsatkichlarga erishgan 58 nafar xodimga davlat mukofotlari berildi, 3162 nafar xodimlar vazirlik tomonidan rag’batlantirildi.
Ichki ishlar vazirligining xizmat rahbarlari va mas’ul xodimlari ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob berishdi.
Tadbir yakunida yong’in xavfsizligi, qo’riqlash, patrul-post va yo’l-patrul xizmatlarining maxsus avtotexnika vositalari namoyish etildi.