Namangan viloyatida o‘rganishlari davom etmoqda
Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev hamda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.Ashropov Prezidentning 05.01.2026 yildagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli hamda “2026 yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida Namangan viloyatida o‘rganishlari davom etmoqda.
Xususan, ishchi guruh Namangan shahridagi 3-umumtaʼlim maktabi faoliyati bilan tanishdi.
Jarayonda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilib, shuningdek Yaponiya taʼlim modeli asosida joriy etilgan ilg‘or pedagogik tajribalar ko‘zdan kechirildi hamda o‘quv jarayoniga biriktirilgan pedagog Goto Mikako bilan muloqot o‘tkazildi.
Shuningdek, maktab kutubxonasi, oshxonasi, sport zali hamda turli fan va qiziqish yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishildi. Maktabning yoshlar teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi.
Shahar maktablarida joriy etilgan “O‘quvchilarning shaxsiy taraqqiyot xaritasi” hamda “34 hafta – 34 kitob” loyihalarining taqdimoti kuzatildi.
Mahalla yettiligi va jamoatchilik faollari bilan uchrashuvda mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, bu borada manzilli va tizimli ishlash mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining Namangan viloyatidagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Tergov departamenti