Navbatdagi o‘quv-seminar
2021 yil 27 mart kuni vazirlik huzuridagi Tergov departamentining “Maʼnaviyat va maʼrifat” zalidan Tergov departamentining barcha darajadagi rahbar va xodimlari ishtiroki taʼminlanib, Xorazm viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi masʼulligida “Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish taktikasi va metodikasi, o‘ziga xos xususiyatlari, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, bu sohadagi oqlov, qo‘shimcha tergov, sudlarning xususiy ajrimlari, prokuratura organlari taqdimnomalari sabablari” mavzusida navbatdagi o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mazkur o‘quv mashg‘uloti Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i tomonidan ochib berilganidan so‘ng, Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi rahbarligida maʼruzachi Urganch tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i kapitan Artikov Sarvar Kadam o‘g‘li tomonidan olib borildi.
Seminarda barcha viloyat Ichki ishlar boshqarmalari huzuridagi Tergov boshqarmalari va ularning quyi bo‘linmalari xodimlari videokonferensaloqa tizimi orqali ulangan holda ishtirok etishdi.
Shuningdek, o‘quv seminarda Xorazm viloyat IIB markaziy studiyasidan mutaxassislar sifatida:
-Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi Samandarov Muzaffar Raximovich;
-Xorazm viloyat prokuraturasi Ichki ishlar organlarida qonunchilik ustidan nazorat bo‘limi prokurori Odilov Shoxruz Raxmatovich,
-Advokatlar palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi “Jaloliddin Manguberdi himoyachilari” advokatlik hayʼati advokati Masharipov Davronbek Axmedovichlar ishtirok etishdi.
Kapitan S.K.Artikov Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilishda qo‘llanilgan yangicha usul va uslublar haqida tushunchalar berib, isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar, shaxslarning harakatlarini to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi va amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar xususida to‘xtalib, o‘zining maʼruzasini mavzuga oid slayd va boshqa qo‘llanmalardan foydalangan holda to‘liq ochib berdi hamda o‘quv mashg‘uloti so‘ngida yig‘ilish qatnashchilari va mutaxassislar amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar xususida to‘xtalib o‘zaro fikr almashishdi.
Muallif: Tergov departamenti
katta inspektor S.R.Sobirjanov