O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Tergovchilar salohiyatini oshirish va tergov sifatini ta’minlash masalalari muhokama qilindi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i R.Ashrоpov va vazir o‘rinbosari Z.Kurbanov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida surishtiruvchi va tergovchilarni kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va interaktiv o‘quv formatlarini keng joriy etish orqali xodimlarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Qayd etilganidek, mazkur yo‘nalishda izchil ishlarni amalga oshirish tergov sifatini ta’minlash, dalillar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda zamonaviy tergov usullarini amaliyotga keng tatbiq etishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlarida mavjud ayrim muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish, xizmat faoliyati samaradorligini oshirish hamda tergov amaliyotini ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida tergovchilar salohiyatini oshirish, tergov sifatini ta’minlash va sohada samarali hamkorlikni yanada mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.

Tergov departamenti.

Text to speech