Buxorada sayyor qabul, qabulda Qorako‘l tumani aholisi
Tergov departamentining ko‘rsatmasiga asosan joriy yilning 11 mart kuni Qorako‘l tumani “Tinchlik” MFYda Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari - Tergov boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik B.Z.Sharipov tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi. Sayyor qabul davomida jami 27 nafar fuqarolar qabul qilinib, ularning murojaatlari tinglandi.
Murojaatlarning 9 tasi shu joyning o‘zida qanoatlantirildi va sayyor qabul davomida 3 nafar fuqarolarning tumanda faoliyat yuritayotgan korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga joylashishlari ta'minlandi. Qolgan murojaatlar ijroga qaratilib, tegishli tashkilot mutasaddilariga ko‘rsatmalar berildi.
Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularning aksariyati mahallani ichimlik suvi bilan ta'minlash, ichki yo‘llarni qayta ta'mirlash, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etish masalalarida ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, shu joyning o‘zida mahalla faollari va keng jamoatchilikni jalb qilgan holda jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha targ‘ibot yig‘ilishi o‘tkazilib, hozirgi kunda ko‘p uchrayotgan jinoyatlarning ko‘rinishi va ularning qurboniga aylanib qolmaslik bo‘yicha zarur tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, mahallada istiqomat qiluvchi 5 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam tariqasida oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Hozirda tasdiqlangan reja asosida Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik B.Z.Sharipov tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazilishi davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti