Qonliko‘l tumani aholisi bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2021 yilning 19 fevral kuni, vazir o‘rinbosari polkovnik M.T.Raxmatullayev tomonidan Qonliko‘l tumani 3-sektorga qarashli “Jayxun” MFY hududida, sektor rahbari- tuman IIB boshlig‘i, tuman hamda mahalla fuqarolari yig‘ini faollari va aholisi bilan birgalikda, joriy yilda ushbu MFY hududida oila turmush doirasida mast holatda sodir etilgan jinoyatlarni, aybdor va jabrlanganlar ishtirokida keng muhokama qilinib, mazkur jinoyatlarning kelib chiqish sabablari hamda uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlari o‘rganilib, kelgusida jinoyatlarning profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Jumladan, 2021 yil 02 yanvar kuni soat 00:30 larda, tumanning “Jayxun” MFY hududida yashovchi S. ismli shaxs uyiga mehmon bo‘lib kelgan fuqaro bilan spirtli ichimlik isteʼmol qilishib, mast holatda mezbon o‘z tanishiga tan jarohati yetkazgan.
Shuningdek, joriy yilning 04 yanvar kuni soat 06:30 larda, ushbu MFY hududida yashovchi P. ismli shaxs ham mast holatda o‘z uyida tanishiga tan jarohati yetkazgan holatlar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, vazir o‘rinbosari M.T.Raxmatullayev tomonidan “Jayxun” MFY hududida xizmat olib boruvchi profilaktika inspektorining faoliyatini o‘rganish maqsadida uning xizmat xonasiga borib, ish sharoitlari hamda yurituvidagi hujjatlar, tergovga qadar tekshiruv materiallari o‘rganildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish, huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti