O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Qonun loyihasi raqamli texnologiyalar va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini oladi

Joriy yilning 12-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan mutaxassislar va ekspertlarni jalb qilgan holda seminar tashkil qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat Qonunchilik palatasining 2023 yil 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida konseptual jihatdan qabul qilingan va bugungi kunda mas’ul qo‘mita tomonidan maromiga yetkazilmoqda.

Qonun tashabbuskorlariga ko‘ra, mohiyatan raqamli texnologiyalar hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga yo‘naltirilgan qonun loyihasini ishlab chiqish uchun zarurat so‘nggi yillarda sohada ortib borayotgan huquqbuzarlik holatlari hisoblanadi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda insonlarning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy akkauntlarini noqonuniy tarzda (turli xil havolalar yuborish orqali) egallab olib, belgilangan miqdordagi pul mablag‘larini jinoyatchi ko‘rsatgan hisob raqamiga yubormasa shaxsiy akkauntdagi barcha foto, video va boshqa ma’lumotlarni Internet orqali tarqatib yuborish yoki akkauntni butunlay yo‘q qilish bilan tazyiq o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Seminarda yana bir huquqbuzarlik holati – kripto valyutalar sohasida noqonuniy mayning bilan shug‘ullanish holatlarining ortib borishi ko‘rsatib o‘tildi. Ta’kidlanishicha, ushbu faoliyatni yashirincha amalga oshirish energiya resurslariga tushadigan og‘irlikdan tashqari, nazoratga olinmagan anonim kripto-aktivlarning xalqaro jinoyatchilikni moliyalashtirilishi uchun sarflanish xavfi mavjud.

Deputatlar, vazirliklar, idoralar, soha mutaxassislari, oliy ta’lim tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirok etgan mazkur seminar barcha uchun foydali bo‘ldi.

Text to speech