Meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil etish choralari belgilandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 dekabr kuni meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan klasterlar tashkil etish, meva-sabzavotlar yetishtirish sifati va eksporti hajmini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Agrar sohada hosildorlik va mehnat unumdorligini yanada oshirish maqsadida Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unda ishlab chiqarishni diversifikasiya qilish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohada ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha qator muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida klaster tizimi yaxshi samara bermoqda. Xususan, shuning natijasida paxtachilikka yangi texnologiyalar kirib keldi, hosildorlik o‘tgan yilgiga nisbatan 20-30 foizga ko‘tarildi, moddiy manfaatdorlik oshdi. Joriy mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-to‘qimachilik klasterlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Mamlakatimiz meva-sabzavotchilik tarmog‘i ham katta salohiyatga ega. Lekin bundan oqilona foydalanilmayapti.
Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, yurtimizda yiliga 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi. Lekin, ularning bor-yo‘g‘i 1,5 million tonnasi eksport qilinadi.
Chunki tashqi bozorlarda raqobatbardosh bo‘lgan mahsulot yetishtirmaymiz. Bog‘ va tokzorlarda hosildorlik juda past. Masalan, xorijiy davlatlarda bir gektar intensiv bog‘dan 70-100 tonna, ayrim mevalardan 130 tonnagacha hosil olinsa, yurtimizda bir gektardan 10-30 tonna, an'anaviy bog‘-tokzorlarda esa 4-5 tonna mahsulot olinadi.
Mahsulotni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha 31 ta agrologistika markazi tashkil etilgan. Lekin aylanma mablag‘lar yetishmasligi va doimiy mahsulot yo‘qligi oqibatida ularning aksariyati mavsumiy ishlab, mavjud quvvatlardan bor-yo‘g‘i 10-15 foiz foydalanmoqda, xolos.
Marketing yo‘qligi, jahon bozoridagi holat o‘rganilmasligi oqibatida eksport talablariga javob beradigan mahsulotlar yetarli miqdorda yetishtirilmayapti. Dehqon, qayta ishlovchi va eksportchi korxonalar o‘rtasida tizimli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan. Mirishkor ekinlarni o‘z bilganicha joylashtirib, yetishtirilgan mahsulotini sota olmayapti, eksportyor esa meva-sabzavot qidirib yuribdi. Bu xorijlik xaridorlar bilan uzoq muddatli hamkorlik qilishga salbiy ta'sir etadi.
Davlatimiz rahbari shu bois meva-sabzavotchilikda ham klaster tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta'kidladi. Sohada ko‘p yillik tajribaga ega, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash infratuzilmasi bor tadbirkorlarni bunga jalb qilish yaxshi samara berishi qayd etildi.
Mutasaddilarga mahsulot yetishtiruvchi bilan klaster korxonasi o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, ikki tomonning ham manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Dehqonlarga moddiy resurslar va avans mablag‘larini o‘z vaqtida yetkazib berish, samaradorligi past bog‘-rog‘larni yangilash, hosildorlikni oshirish klasterlarning asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorijiy ekspertlarni jalb qilib, klaster tashabbuskorlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil qilish, o‘z navbatida, klasterlar tomonidan fermerlar uchun ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazish muhimligi ta'kidlandi. Har bir viloyatdagi oliy ta'lim muassasalarida ixtisoslashgan kafedralar tashkil etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Prezidentimiz klasterlar tashkil qilishda ularni aylanma mablag‘lar bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratdi. Faoliyatini yo‘lga qo‘yib olguncha ularga moliyaviy ko‘maklashish, xususan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan zarur mablag‘lar ajratish choralari belgilandi.
Klasterlar tomonidan tashkil qilinadigan intensiv bog‘, tokzor hamda issiqxonalarni aholi va tadbirkorlarga imtiyozli shartlar asosida berish, bog‘-rog‘lar hosilga kirib, egasi daromad ko‘rguncha ularga kredit to‘lovlari bo‘yicha yengillik yaratish muhimligi qayd etildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga har bir tumanda yetishtiriladigan mahsulotlar hajmi, turi, sifati va eksportbopligini chuqur tahlil etgan holda, ekinlarni diversifikasiya qilish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari bo‘sh turgan yerlar, samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida hosildor plantasiyalar tashkil etish, meva-sabzavotlarni eksportyorlar talabi asosida yetishtirish va eksportni kengaytirish asosiy vazifa bo‘lishi zarurligini ta'kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari va viloyat hokimlari axborot berdi.