O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish: milliy tajriba va xalqaro amaliyot

2019-yilning 10-dekabr kuni Toshkentda “Xotin-qizlar orasida zo‘ravonlikka qaratilgan ekstremizm va boshqa jinoyatlarning oldini olishda ayollar ishtiroki ilg‘or milliy tajriba hamda xalqaro amaliyot misollarida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
 
O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari, bir qator davlat va nodavlat tuzilmalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, xotin-qizlarning oila va jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi ko‘p jihatdan yurtimizda mavjud sharoitlar hamda ularga ko‘rsatilayotgan ko‘makka bog‘liq. Bunda nafaqat ayollarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va haq-huquqlarini har tomonlama himoya qilish, balki ular orasida jinoyatchilikning oldini olish masalasi ham dolzarb hisoblanadi. Shu jihatdan xotin-qizlarning g‘ayriijtimoiy xulqiga sabab bo‘luvchi omillarni o‘rganish va bartaraf etish masalasi gender tenglikni ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar diqqat markazida turibdi.

Davra suhbatida shu xususida so‘z yuritilar ekan, aholining ushbu qatlami orasida huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi sabablarga alohida urg‘u berildi. Xususan, tadbirning birinchi sessiyasi doirasida gender omilni hisobga olgan holda jinoiy faoliyatga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro va milliy amaliyot ko‘rib chiqildi.

Anjumanda xotin-qizlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish uchun ta’sirchan tizimni yo‘lga qo‘yishda O‘zbekiston tajribasiga urg‘u berildi.  Qayd etilganidek, Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangan.

So‘nggi yillar mobaynida  ayollar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha samarali mexanizmni yo‘lga qo‘yish borasida aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bunda, ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, ishga joylashtirish, uy-joy masalasini hal qilish, erta nikohlar, ajrashishlarni bartaraf etish orqali ular orasida jinoyatchilikning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu jarayonda ayollar bilan yakka tartibda ishlash, yordamga muhtoj xotin-qizlarning har biriga imkon qadar alohida yondashishga e’tibor berilayotgani davra suhbatida ta’kidlab o‘tildi. Shu nuqtai nazardan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston milliy tajribasi e’tiborga loyiq ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, anjumanda  terrorizmga da’vat etuvchi zo‘ravonlikka qaratilgan ekstremizm va radikallashuvning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda gender mansublikning o‘rni, bu yo‘nalishda huquqni muhofaza qilish organlari uchun ilg‘or amaliyotga oid masalalar muhokama etildi.

Davra suhbati ishtirokchilari jinoyatlar sodir etishga moyil bo‘lganlar bilan yakka tartibda ishlash, shuningdek jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali ular orasida jinoyatchilikning erta oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tajribasini ham ko‘rib chiqdilar.

Davra suhbati yakunida ayollar sodir etadigan transmilliy jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi qo‘shma tashabbuslar bo‘yicha YeXHT hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi uchun tavsiyalar guruhdarda muhokama etildi.

Text to speech