Rasmiy ma'lumot!
Аvval xabar qilganimizdek, Fargʼona viloyati Oltiariq tumani H.Olimjon mahallasidagi ikki qavatli uylarning birida gaz sizib chiqishi oqibatida gaz chaqnashi sodir boʼlgan edi. Ushbu gaz chaqnashi xonadon egasi I.X. ning yashash uyida isteʼmoli uchun qoʼlbola usulda shlang va plastik quvur orqali olib kirilgan tabiiy gazning sizib chiqqanligi va gaz hidi kelib turganligini bilib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasdan elektr chirogʼini yoqishi natijasida kelib chiqqanligi aniqlangan.
Mazkur gaz chaqnashi oqibatida, xonaning shift qismi yonib ketgan va xonadon egasi I.X. Oltiariq tumani Tibbiyot birlashmasining ShTTYoBga murojaat qilgan.
Tibbiyot birlashmasining maʼlumotnomasiga asosan fuqaro I.X.da yuz, ikkala kaft barmoqlari sohalari kuyish jarohatlari olganligi koʼrsatib oʼtilgan.
Tergov tezkor guruhi tomonidan hodisa joyini koʼzdan kechirish jarayonida gaz trubalarini ulashda foydalanilgan qora rangli plastik shlang ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Oltiariq tuman IIB huzuridagi tergov bo'limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, Sizlardan uydan chiqayotganingizda va uyga kelganingizda birinchi navbatda xonada yoki gaz plitangizdan gaz sizib chiqqan yoki chiqmaganligiga eʼtibor berishingizni hamda elektr chiroqlarini yoqishdan avval xona havosini almashtirishingiz soʼraladi.
Shu munosabat bilan, bunday koʼngilsiz hodisalarni oldini olish maqsadida quyidagi yongʼin xavfsizlik talablariga rioya qilishingizni soʼraymiz:
qoʼlbola va nosoz gaz isitish moslamalaridan foydalanmang;
oshxonada oʼrnatilgan tabiiy gazda ishlovchi gaz plitalardan xonalarni isitish maqsadida foydalanmang;
isitish moslamalari yaqinida yonuvchan buyumlarni saqlamang;
gaz uskunalarini ulashni tartib qoidalariga qatʼiy rioya qiling va ularga rezina shlangkalar orqali ulanishga yoʼl qoʼymang;
agarda xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollating hamda gaz xizmatiga zudlik bilan xabar bering.
Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz oʼzingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni koʼngilsiz hodisalardan saqlagan boʼlasiz.
Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov Departamenti.