O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Tashxodjaev Doniyor Baxtiyarovichning bayram tabrigi
Hurmatli hamkasblar, qadrli do‘stlar! Hurmatli hamkasblar, qadrli do‘stlar!
Yangi 2020 yil arafasida, har birimiz 2019 yilda erishgan yutuqlarni sarhisob qilib, kelgusi yil uchun oldimizga yangi maqsadlarni qo‘yamiz. Bu bayram har yili nishonlansada, biz uni har doim yangidek qabul qilib, yangi yilda barcha orzu-umidlarimiz amalga oshishiga ishonamiz.
Hozirda Sizlarga ushbu tabrikni yo‘llar ekanman, kirib kelayotgan yangi yilda barcha ezgu niyatlaringiz va rejalaringiz ro‘yobga chiqishini tilayman.
Mening alohida tabrigim – hozirda o‘z kasbiy burchini ado etib, xizmat olib borayotgan barcha xodimlarga bag‘ishlanadi. Biz kundalik ish faoliyatimizda bo‘lgani kabi ushbu ajoyib yangi yil oqshomida ham birgamiz. Hamjihatlik, do‘stona munosabat va jonajon O‘zbekistonimizga bo‘lgan cheksiz vatanparvarlik hissi – xalqimizga munosib xizmat qilish va yuksak natijalarga erishishimiz uchun kuchimizga kuch qo‘shadi.
Ichki ishlar organlari xodimlari zamonaviy tahdid va xavf-xatarlar sharoitida jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda o‘zlarining yuqori professional fazilatlarini namoyon etib kelmoqdalar.
Yosh mutaxassislarni tayyorlashda, sharafli xizmatimizning an'analarini saqlab qolish va uni takomillashtirishda beqiyos xizmatlari uchun faxriylarimizga alohida tashakkurimni yetkazmoqchiman.
Ommaviy axborot vositalarining respublikamiz ijtimoiy hayotidagi o‘rnini ham alohida ta'kidlab o‘tmasak bo‘lmaydi. Bugungi kunda aynan jurnalist va blogerlar, ijtimoiy hayotdagi dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam ko‘rsatmoqdalar va ularni qo‘llab-quvvatlamoqdalar. Ularning jinoyatchilikni oldini olish va unga qarshi kurashishdagi o‘rni beqiyos bo‘lib, yakunlanayotgan yilda bunga ko‘plab misollarni keltirish mumkin.
O‘tib borayotgan 2019 yil turli qiyinchiliklar bilan bir qatorda samarali yil bo‘ldi. Respublikamizda, shu jumladan, ichki ishlar organlari, xususan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, tergov hamda ekspert-kriminalistika xizmatlarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar bundan guvohlik bermoqda. Eng muhimi, xodimlarning fidokorona mehnati va yuksak kasbiy muomala madaniyati yurtdoshlarimiz tomonidan yuqori baholanmoqda, buni jamoatchilik fikri va ijtimoiy tarmoqlarda aholining ko‘plab ijobiy sharhlari ham tasdiqlamoqda.Kirib kelayotgan 2020 yil ham oldimizga mamlakatimizda qonunchilik va huquq-tartibotni mustahkamlash bo‘yicha murakkab va mas'uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda.
Biz ushbu vazifalarni ijrosini samarali ta'minlash uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimizga ishonchim komil.
Yana bir bor hammangizni bayram bilan samimiy muborakbod etaman!
Sizga, oila a'zolaringiz va yaqinlaringizga mustahkam sog‘liq, farovonlik, ajoyib yangi yil kayfiyatini tilayman.
O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari
D.B.Tashxodjaev