O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar organlari xodimlariga yangi yil tabrigi

Ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tinglovchi-kursantlari, soha faxriylari hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a'zolarini kirib kelayotgan Yangi – 2020  yil  bilan  samimiy  tabriklayman.

Hammamizga yaxshi ma'lumki, so‘nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida O‘zbekiston o‘zining ochiq va konstruktiv siyosati hamda izchil islohotlari bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib, xalqaro maydondagi obro‘ va nufuzi tobora ortib bormoqda. Bugungi yangilanayotgan, o‘zgarayotgan O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarilib, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” dadil qadam tashlamoqda.  

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Aynan shu talab tizimda amalga oshirilgan va davom etib kelayotgan islohotlarning asosi va maqsadi bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar bo‘lish ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoni bo‘lib qolishi lozim.

Bugun yurtimizda yuz berayotgan yangilanishlar, ulkan bunyodkorlik ishlari odamlarning kundalik hayotida o‘z aksini topib, eng asosiysi, yurtdoshlarimizning dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan munosabati o‘zgarishiga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortishiga xizmat qilmoqda. Yakuniga yetayotgan 2019 yil ichki ishlar organlari uchun ham sermahsul yil bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor”, “Jinoyatga jazo muqarrar” degan muhim prinsiplarni ta'minlash, ichki ishlar organlarini tom ma'noda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Tizimda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilib, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz turizmni ta'minlash”, “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash”, “Xavfsiz xonadon” konsepsiyalari amalga oshirildi. 

Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida jinoyatchilik umumiy ko‘rsatkichining sezilarli darajada kamayishiga erishildi. Joriy yilning o‘tgan davrida yurtimizda mavjud mahallalarning 3661 tasida yoki 40,2 foizida umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Faoliyatimizda yutuqlar bilan bir qatorda hali yechimini kutib turgan muammo va kamchiliklar ham yo‘q emas albatta.

Ayniqsa, xodimlarimizning ma'naviy va intellektual saviyasini yuksaltirish, ularni professional salohiyatini zamon talablari asosida yuqori bosqichga ko‘tarish biz uchun doim ustuvor yo‘nalishlar qatorida bo‘lib kelmoqda.

Shuningdek, ichki ishlar organlari zimmasiga qo‘yilgan mas'uliyatli vazifalarni vijdonan bajarishda hamda tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hayotga tatbiq etishda, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashishda ko‘plab xodimlarimiz jasorat va matonat namunalarini ko‘rsatgan holda, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, qasamyodiga sodiq qolib, barcha hamkasblariga o‘rnak bo‘lmoqdalar.

Bunday fidoyi xodimlarning avvalo, Vatanga bo‘lgan mehr va sadoqat tuyg‘ulari yosh avlodga o‘rnak bo‘lib, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga qut-baraka tilayman.

Yurtimizda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash va jamoat tartibini saqlash, qonunchilik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek mas'uliyatli va sharafli xizmatlaringizga muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin. Go‘zal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

Yangi – 2020 yil barchamizga qutlug‘ kelsin!

 

P.R. Bobojonov 

O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vaziri,
general-leytenant. 

2019 yil 31 dekabr'

Text to speech