Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po'lat Razzaqovich Bobojonovning "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" munosabati bilan bayram tabrigi
Ichki ishlar organlari, harbiy tuzilmalar va ta'lim muassasalarida xizmat qilayotgan aziz opa-singillarimizni, faxriy ayollarimizni bahor faslining nafis ayyomi "8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni" bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev “Biz Xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sog'-salomat, baxtli bo'lib yashashingizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz”, deya alohida ta'kidlaganlar.
Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar natijasida ayollarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi ishtiroki tobora ortib bormoqda.
Qaysi sohani olmaylik, albatta, u erda ayollarning faol mehnat qilayotganligiga guvoh bo'lamiz. Xotin-qizlarimiz ichki ishlar organlarida ham yurt tinchligi yo'lida fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilib kelishmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarga alohida e'tibor qaratilishi natijasida shaxsiy tarkibda ayollar ulushi sezilarli darajada ortib bormoqda. Ularning aksariyati turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilayotgani alohida e'tiborga sazovordir.
Shuni faxr bilan ta'kidlash joizki, ichki ishlar organlaridagi faol ayollarning xizmatlari davlatimiz tomonidan doimo munosib qadrlanib har yili ular yuksak unvon hamda davlat mukofotlari bilan taqdirlab kelinmoqda. Bu barchamiz uchun quvonarli bir hol bo'lib, bunday muvaffaqiyatlaringiz bardavom bo'lishini tilaymiz.
Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar, fursatdan foydalanib, barchangizni ushbu ayyom bilan yana bir bor tabriklab, Sizlarga uzoq umr, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Vazir
general-leytenant P.R. Bobojonov