O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan firibgarlik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari yakunlandi.
Ma'lumki 10.10.2019 yilda jamiyat rahbari va boshqa mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi.

Tergov jarayonida 2372 nafar fuqaro jabrlanuvchi va fuqaroviy da'vogar deb e'tirof etilib, jamiyat tomonidan 24,2 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Dastlabki tergov davomida jami 10 nafar shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish”, “uy qamog‘i” va “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanildi.

Shuni ta'kidlash joizki, dastlabki tergovdan yashiringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishining bir qismi alohida ish yurituviga ajratilib, ulardan ushbu pul mablag‘larini qaytarishga qaratilgan barcha kuch – vositalar ishga solinadi va fuqarolarimizga yetkazilgan moddiy zararning qolgan qismini qoplash choralari ko‘riladi.

09.03.2020 yilda jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan e'lon qilingan ayblov Jinoyat kodeksining firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan to‘ldirilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasi tuzilgan va ayblov xulosasini tasdiqlash hamda tegishli sudda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech