O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Prezident Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Vatan himoyachilari bayrami arafasida, 10 yanvar kuni Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Davlatimiz rahbari bu yerga 2017 yil yanvar oyida kelib, harbiy ta'limni takomillashtirish, o‘sha paytdagi Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti negizida mutlaqo yangi o‘quv muassasasi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Ko‘p o‘tmay, Prezidentning tegishli qarori qabul qilinib, bu yerda xorijning ilg‘or texnologiyalari va zamonaviy o‘quv vositalarini mujassam etgan Qurolli Kuchlar akademiyasi tashkil etildi. 2018 yil yanvarda Oliy Bosh Qo‘mondon mazkur yangilangan ta'lim maskani faoliyati bilan tanishgan edi.

 

Bugun akademiya ham sharoit, ham mazmun jihatidan tubdan o‘zgargan. Auditoriyalar komp'yuter texnikasi, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. Zamonaviy situasion markaz, trenajyorlar tashkil etilgan.

O‘tgan yili bu yerda modernizasiya ishlari davom ettirilib, yangi ob'ektlar qurildi. Kursantlarning o‘qishi va jangovar mashg‘ulotlar o‘tashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.

Akademiya qoshida mamlakatimizning barcha harbiy ta'lim yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlarida o‘quv jarayoni va ilmiy ishlarni muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tuzildi.

Prezidentimiz o‘quv muassasasi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sa'y-harakatlar natijasi hamda foydalanishga topshirilgan zamonaviy ta'lim infratuzilmasi ob'ektlari bilan tanishdi.

O‘quv binosida harbiy texnikaning asosiy namunalari bo‘yicha dinamik komp'yuter trenajyorlar imkoniyatlari namoyish qilindi, akademiya kursantlarining ixtirochilik va innovasion ishlanmalari haqida ma'lumot berildi.

 

– Barcha sohalar qatori harbiy ta'lim bo‘yicha ham doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak bo‘lsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Harbiylarimiz, kursant va tinglovchilar eng ilg‘or, innovasion bilim va ko‘nikmalarni egallashi, soha bo‘yicha dunyodagi yangiliklardan xabardor bo‘lishi, doim izlanishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoev.

 

Prezidentimiz kursantlarni mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 28 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. O‘quv xonalari, yotoqxona va suzish havzasidagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

 

 


Text to speech