Oʼzbekiston Prezidenti Osiyo taraqqiyot banki delegatsiyasini qabul qildi
Bugun, 13 noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi konferentsiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni ilgari surishda Oʼzbekistonning yetakchi va ishonchli sherigi boʼlmish ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan oʼzaro manfaatli munosabatlar rivojlanish dinamikasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Mamlakatimizda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish sifati va amalga oshirish surʼati sezilarli darajada ortgani alohida taʼkidlandi.
Bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlik yurtimiz iqtisodiyotining barcha ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda amalga oshirilgan va davom etayotgan, umumiy qiymati qariyb 8 milliard dollarlik 60 dan ziyod loyihani oʼz ichiga oladi. Bankning 2019-2023 yillarda Oʼzbekiston bilan sheriklikni kengaytirish boʼyicha moliyalashtirish hajmi 5 milliard dollardan oshadigan yangi strategiyasi qabul qilindi.
Uchrashuvda oʼzaro hamkorlikning istiqbollari har tomonlama koʼrib chiqildi. Mamlakatimizda irrigatsiya-drenaj va avtomobilь yoʼllari infratuzilmasini modernizatsiya qilish, jumladan, boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, kadrlar tayyorlash va boshqa masalalarga doir uzoq muddatli strategik va dasturiy hujjatlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy miqyosdagi, avvalo, transport yoʼlaklarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik muammolarni hal etish boʼyicha loyihalarni ilgari surish ustuvor ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Osiyo taraqqiyot banki rahbari Oʼzbekiston bilan hamkorlikning bugungi darajasi va samaradorligini yuksak baholadi, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarni toʼliq qoʼllab-quvvatlashini qayd etdi.
Takexiko Nakao yurtimizning barqaror taraqqiyoti va ravnaqi yoʼlidagi maqsad va vazifalarga erishishda bank bundan buyon ham asosiy sherik boʼlib qolish istagidaligini bildirdi.