O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Prezidenti Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev 1 avgust kuni mamlakatimizga tashrif buyurgan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma CHakrabartini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, O‘zbekiston va ETTB o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak sur’atlar bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan buyon tomonlar birgalikda ulkan ishlarni amalga oshirdi va dastlabki aniq natijalarga erishildi. Bu davrda bank tomonidan mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq kredit liniyalari ajratildi.

Bugungi kunda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va uy-joy qurilishi, energetika tarmog‘i va kommunal xo‘jalik ob’ektlarini modernizatsiya qilish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq istiqbolli loyihalar ko‘rib chiqilmoqda. SHundan umumiy qiymati 600 million dollargacha bo‘lgan loyihalarni yaqin oylarda ma’qullash rejalashtirilgan.

Joriy yil sentyabr oyida qabul qilinishi rejalashtirilgan ETTBning O‘zbekiston bilan hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish yakuniga etmoqda.

Bundan tashqari, o‘tgan yil noyabr oyida Toshkent shahrida bank vakolatxonasi o‘z faoliyatini qayta tikladi, mamlakatimiz hududlarida uning filiallarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
ETTB ekspertlari mamlakatimizda xorijiy moliyaviy institutlar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi tartibni ishlab chiqishda faol ishtirok etdi.

SHuningdek, O‘zbekistonda energetika sektorini isloh qilish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ustida birgalikda ish olib borilmoqda.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, uni asosiy tarmoqlardagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning strategiyalarini ishlab chiqish, korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi dastur va loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Suma CHakrabarti O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida hamda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, mamlakatning barqaror rivojlanishi, aholi turmush darajasi va sifati oshishi, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan islohotlar va o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
ETBB prezidenti davlatimiz rahbarining o‘zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlab, ularni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng miqyosli yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Text to speech