O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

RESPUBLIKА ISHCHI GURUHI FАRGʼONАDА ISH BOSHLАDI

Xabaringiz bor, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar qatori jinoyatchilikka qarshi kurashish muhitini yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda mahallaning rolini kuchaytirish, bunda mutasaddi idora va jamoat birlashmalarining oʼzaro hamkorlik mehanizmlarini takomillashtirish borasida oʼz fikr va mulohozalarini bildirgan edi.

Murojaatnomada taʼkidlangan fikr va belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi va Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlardan iborat ishchi guruhlari shakllantirildi.

Ishchi guruhlari zimmasiga joriy yilning 3 fevralidan 6 fevraliga qadar barcha hududiy ichki ishlar organlarida tezkor-xizmat faoliyatini oʼrganish va amaliy yordam koʼrsatish vazifasi yuklatildi.

Bugun Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʼrinbosari U.Sh.Tashxadjaev hamda Ichki ishlar vaziri oʼrinbosari, polkovnik D.B.Qodirov rahbarligidagi ishchi guruhi Fargʼona viloyatida oʼrganish ishlarini boshladi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasida oʼtkazilgan yigʼilishda ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlariga barcha tuman-shahar ichki ishlar organlarining tezkor-xizmat faoliyatini oʼrganish va amaliy yordam koʼrsatishda nimalarga eʼtibor qaratish boʼyicha aniq vazifalar va yoʼl xaritasi belgilab berildi.

– Bu oʼrganishlar kimningdir aybi va kamchiligini topib, unga jazo berish uchun oʼtkazilmaydi, – dedi polkovnik D.B.Qodirov. – Maqsadimiz tizimdagi eng quyi boʼgʼin, yaʼni, profilaktika inspektorlari faoliyatigacha kirib borish, mahalla tizimi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohadagi kamchiliklarimizni joyida aniqlash va kechiktirmay bartaraf etishdan iborat.

Аyni paytda Respublika ishchi guruhi Fargʼona viloyatida ichki ishlar organlarining mahalla, hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorligining qay ahvoldaligini oʼrganish bilan birga, hududlardagi mavjud kamchiliklarni aniqlash va joyida bartaraf etish borasida ish olib borishmoqda.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech