Sud-huquq sohasini takomillashtirishga oid qonunlar ko‘rib chiqildi
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi va unda yangilangan Konstitutsiyaga mos ravishda O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga hamda Fuqarolik protsessual kodeksiga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari shikoyat (protest) asosida apellyatsiya tartibida, qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari, agar ular apellyatsiya tartibida ko‘rilmagan bo‘lsa, kassatsiya tartibida, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud qarorlarini taftish tartibida ko‘rish belgilanmoqda. Qonuniy kuchga kirgan sud qarorlarini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish vakolati viloyat sudi va unga tenglashtirilgan sudlar vakolatiga o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, sud qarorlarini qayta ko‘rish bosqichlariga taftish instansiyasi kiritilishi munosabati bilan Iqtisodiy protsessual, Fuqarolik protsessual, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarda taftish instansiyasida ish yuritish tartibi batafsil yoritilmoqda.
Amaldagi yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi instansiya sudlarining qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun yana quyi sudga yuborish tartibi bekor qilinib, har bir sud instansiyasiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish majburiyati yuklanmoqda. Shu bilan birga maʼmuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati 20 kundan 10 kunga qisqartirilmoqda.
Taʼkidlaganidek, mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida sudlarda ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishi, sud qarorlarini qayta ko‘rishda viloyat sudlari hamda ularga tenglashtirilgan sudlarning imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, eng muhimi fuqarolarning shikoyat qilish huquqidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, noroziliklarning oldini olishga hamda ortiqcha sarsongarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka erishiladi.
Shuningdek, majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda ayrim huquqbuzarlar tomonidan xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga kam haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa fuqarolarning huquqlariga zarar yetkazib, mobil telefon o‘g‘irligi, shuningdek, mobil telefonlarni qo‘lga kiritish maqsadida bosqinchilik, talonchilik va boshqa og‘ir turdagi ayrim jinoyatlar sonining oshishiga hamda ularning aksariyati fosh etilmasdan qolishiga sabab bo‘lyapti.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar makonida qonunga xilof ravishda kripto-aktivlar aylanmasi bilan shug‘ullanish, anonim kripto-aktivlar mayning faoliyatini amalga oshirish hamda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchisining ruxsatisiz o‘zgartirish kabi huquqbuzarlik holatlari ko‘payib bormoqda.
Qonun bilan jahon Internet tarmog‘ida tovlamachilik, noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlik uchun jinoiy javobgarlik hamda mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini qonuniy ishlab chiqaruvchi ruxsatisiz o‘zgartirish, shuningdek, ushbu maqsadda maxsus dasturlar ishlab chiqish, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shu bilan birga noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar, agar ularni tayyorgarlik ko‘rilayotgan yoki sodir etilayotgan jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni ochishga faol yordam bergan bo‘lishsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinadi.
Ushbu Qonun qabul qilinishi natijasida kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish, ularga qarshi kurashish hamda tergov qilishda barcha kuch va vositalarni to‘liq yo‘naltirishga, shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik doirasini aniq norma bilan belgilashga xizmat qilishi senatorlar va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qayd etildi.
Muhokamalar natijasida Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati