Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi rahbari — Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B. Valiyev va Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R.Ashropov rahbarligida Prezidentning joriy-yil-5-yanvardagi PQ-1-son va PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Samarqand viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat prokuraturasida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, ularni bartaraf etish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi, Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi a’zolari, qator vazirlik va idoralar, jumladan, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Ta’lim va ilm-fan, Adliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Milliy gvardiya, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va Kriminologiya tadqiqot institutining mas’ul rahbarlari, ularning hududiy tuzilmalari boshliqlari, shuningdek, viloyat, tuman va shaharlar ishchi guruhlari a’zolari hamda hokimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarni kuchaytirish, videokuzatuv kameralarini «Xavfsiz shahar» markaziga integratsiya qilish, mahalla raislari va boshqa mas’ullarni oilaviy nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal etish bo‘yicha o‘qitish, migratsiyaga ketgan, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanayotgan ayollarning farzandlari bilan ishlash holati, shuningdek, tibbiyot muassasalari hisobida turuvchi shaxslarni majburiy davolash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Qarorlar ijrosini ta’minlash va yoshlar bilan ishlashda o‘rnak ko‘rsatgan 6 nafar mas’ul rag‘batlantirildi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishlarda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, vazifalarning so‘zsiz va samarali ijrosini ta’minlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Tergov departamenti