O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tergovchilar bilan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv seminar o‘tkazildi

2023 yil 21-22 sentyabr kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida tergovchilar bilan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlari doktori Murodjon Turg‘unov, IIV Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori podpolkovnik Quvonch Qodirov, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidova va boshqa professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Seminar davomida qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning hamda mazkur konvensiya Fakultativ protokolining mazmun-mohiyati, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini taʼminlash kafolatlari hamla ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ifodalanishi, qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar va bu boradagi xalqaro tajriba kabi masalalar muhokama qilindi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan mazkur seminar xalqaro standartlar va xalqaro tajriba borasidagi yangi maʼlumotlarni olish hamda mavjud bilimlarni yana-da takomillashtirishga, qiynoqqa solishga qarshi kurashishni tashkil etishda xalqaro amaliyotning ijobiy jihatlarini o‘rganish bu sohadagi bilim va amaliy ko‘nikmalarni yana-da oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Konstruktiv muloqot shaklida davom etgan mazkur seminar jarayonida ishtirokchilarning mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

O‘quv seminar yakuni bo‘yicha tergov xodimlari test sinovlari topshirdi. Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga sertifikatlar topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech