“Oliy darajali “Do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi
Parlament yuqori palatasi a’zolari “Oliy darajali “Do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini muhokama qilib, ma’qulladi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Ta’kidlanganidek, Qonun Oliy darajali “Do‘stlik” ordenini ta’sis etishni, uning Nizomini va ta’rifini tasdiqlashni, shuningdek “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Qonunda belgilanganidek, Oliy darajali “Do‘stlik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ayrim holatlarda fuqarosi bo‘lmagan shaxslar qardosh xalqlar o‘rtasida ko‘p asrlik do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, jamiyat va xalqlarning birdamligini uyg‘unlashtirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanadi. Shuningdek, orden har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirish, hududlararo kelishuvlarga erishishdagi sermahsul faoliyati hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va ishonchni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun ham beriladi.
Ta’kidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi qo‘shni va chet davlatlar bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga, ular bilan har tomonlama strategik hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek tarixiy meros, ma’naviy qadriyatlar va an’analarni saqlash va ko‘paytirishga xizmat qiladi.