Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Tergov departamenti quyi tizim xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi
Tasdiqlangan rejaga muvofiq, 2020 yilning 12 dekabr kuni soat 11:00da, Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi masʼulligida “Tamom bo‘lmagan jinoyatlar tushunchasi, ushbu jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, bu sohadagi oqlov, qo‘shimcha tergov, sudlarning xususiy ajrimlari, prokuratura organlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalarining sabablari” mavzusida tergov bo‘linmalari xodimlarining bilim saviyasi va kasb mahoratini oshirishga qaratilgan navbatdagi viloyatlararo o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Seminarda Xorazm viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi bo‘linmalaridan tashqari barcha hududiy tergov bo‘linmalari xodimlari videokonferensaloqa tizimi orqali ulangan holda ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv-seminariga, Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi studiyasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi 16-bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari 1-darajali yurist Tajibayev Bobur G‘anisherovich;
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudining sudyasi Ergashev Alisher Zaynullayevich;
Advokatlar palatasi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Mardiyev Abdutolib Do‘stqulovichlar ishtirok etishdi.
Maʼruzachi sifatida Sirdaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi kapitan Salomov Dostonjon Axmadjon o‘g‘li so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan tayyorlangan diagramma, slayd va videoroliklardan foydalangan holda mavzuni to‘la yoritib berdi.
Mavzu yuzasidan hududiy studiyalardan qatnashgan tergov bo‘linmalari xodimlarining savollariga D.Salomov hamda mutaxasislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
O‘quv mashg‘uloti bahs munozaralarga boy, qizg‘in, savol-javob shaklida o‘tdi, joylardagi tergovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti