Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Turk boshchiligidagi delegatsiya hamda Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari rahbariyati oʻrtasida muzokaralar oʻtkazildi
Unda Folker Turk inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, aholining turmush farovonligini oshirish, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish, xorijiy yurtlarda qiyin sharoitga tushib qolgan vatandoshlarimizni mamlakatimizga qaytarish hamda jamiyatga toʻlaqonli moslashishini taʼminlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarni ijobiy baholadi.
Tadbirda Bosh prokuror N.Yoʻldoshev yurtimizda shaxs huquqlarini kafolatli taʼminlash, inson qadri – qimmatini yanada yuksaltirish, ayniqsa voyaga yetmaganlar, xotin - qizlar va yoshlar huquqlarini himoya qilishga alohida masʼuliyat bilan yondashilayotganligini qayd etdi.
Shu bilan birga, Oliy komissar boshchiligidagi delegatsiya aʼzolariga Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi xalqaro standartlar, ilgʻor milliy va xorijiy tajriba asosida tayyorlanayotganligi, qiynoq va boshqa tazyiqlar oʻtkazilishining oldini olish borasida koʻrilayotgan choralar inson huquqlarini samarali roʻyobga chiqarilishiga xizmat qilishi haqida batafsil axborot berildi.
Uchrashuvda Bosh prokuratura bilan BMT va uning tuzilmalari oʻrtasida demokratik davlatning huquqiy asoslarini mustahkamlash, uni xalqaro andozalarga moslashtirish hamda inson huquqlari sohasida hamkorlikni tizimli asosda yanada faollashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi