Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov ishtirokida hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov va viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Timur Ismailovlar ishtirokida 2024 yil yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida, Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvar kunidagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-sonli Qarori ijrosi, 2024 yil 12 oyi davomida, jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash, aholining kunlik ijtimoiy-maishiy muammolarini “fuqarobay” hal etish borasida amalga oshirgan ishlari, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar hamda kelgusidagi istiqbolli vazifalar muhokama etildi. Muhokama yig‘ilishida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Timur Ismailov, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning barcha o‘rinbosarlari, bo‘linma boshliqlari, barcha shaxsiy tarkibi qatnashdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari podpolkovnik Baxtiyor Inoqovning 2024 yilning o‘n ikki oyi davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini taʼminlash, hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot maʼruzasi tinglandi.
Tadbirda vazir o‘rinbosari R.Ashropov so‘zga chiqib, Prezidentimizning PQ-1-sonli Qarori ijrosi, viloyatda kriminogen vaziyat ahvoli va jinoyatchilikni jilovlash borasida ko‘rilgan choralarni tanqidiy muhokama qildi hamda kelgusidagi vazifalarni belgilab berdi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida tashkil etilgan “so‘rovxona”lardan foydalanish ahvoli, bu borada aniqlangan kamchilliklar ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, korrupsiya va tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida rahbariyatning qatʼiy talab va topshiriqlarini xodimlarga yetkazdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil etildi. Faoliyat davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilinib, jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi. Yig‘ilishda xizmat davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan sohaviy xizmatlarning ayrim xodimlari faoliyati muhokama etilib, tegishli taʼsir choralari belgilandi.
Biriktirilgan hududda jinoyatlarning oldini olib, xizmatda muvaffaqiyatga erishgan xodimlar Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining “Faxriy yorlig‘i”, pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti