2020 yil davomida sodir etilgan firibgarliklar yuzasidan maʼlumot
Bugungi kunda respublikamizda eng ko‘p sodir etilayotgan jinoyatlardan biri firibgarlik jinoyati ekanligi hech kimga sir emas.
2020 yil davomida sodir etilgan jinoyatlar tahliliga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan yil davomida respublikamizda 10 mindan ortiq firibgarlik jinoyatlari qayd etilgan.Firibgarliklar oqibatida 17 mingdan ortiq fuqarolar jinoyat jabrlanuvchisiga aylanishgan, ularning 10 mingdan ortig‘ini erkaklar qolgan qismi esa ayollarni tashkil etadi. Fuqarolarimizning ishonuvchanligi va oson boyib ketishga bo‘lgan ishtiyoqi firibgarlarning tuzog‘iga tushishlarining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
Chet elga ishga jo‘natish (13,1%), yer, uy oldi-sotdisi (13.9%), o‘qishga yoki ishga kiritish (9%) kabi vaʼdalar bilan sodir etilayotgan firibgarliklar eng ko‘p uchraydigan firibgarlik bo‘lib qolmoqda.
Hurmatli fuqarolar yuqoridagi ko‘rsatkichlarni oshib ketishiga sababchi bo‘lib qolmang. Arzon avtomashina yoki uy olish niyatida yillab halol yig‘gan pullaringizni aldovlarga uchib o‘z qo‘lingiz bilan firibgarlar qo‘liga topshirib qo‘ymang. Qonunga xilof ravishda qing‘ir yo‘llar bilan nisbatan arzon mulkka egalik qilaman deb jabrlanuvchilar safidan joy olmang.
Sizga tegishli mulklarning oldi-sotdisi bilan bog‘liq harakatlarni davlat organlari orqali amalga oshirishingizni so‘raymiz.
Firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolmaslik o‘zingizning qo‘lingizda!
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti