Tergov departamenti boshlig‘ining Azizov Abdulxay otaga yo‘llagan tabrigi
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik Ya.A.Abdulxakov tomonidan Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi urush qatnashchisi, 98 yoshli Azizov Abdulxay otaga "9-may Xotira va qadrlash kuni" hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 76 yilligi munosabati bilan yuborilgan tabrigi va esdalik sovg‘alari Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda Rishton tuman IIB rahbariyati ishtirokida topshirildi.
Xalqimizning mana shunday farovon va yorug‘ kunlarga yetib kelishi, davlatimiz o‘z mustaqilligiga erishib, taraqqiy etib borayotganligi albatta Abdulxay ota kabi urush janggohlarida jasorat, mardlik va matonat ko‘rsatgan buyuk avlodlarimizning ulkan jasoratidir.
Abdulxay ota urushdan so‘ng, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish hamda 40 yildan ortiq Rishton tumanidagi 7-sonli o‘rta maktabda direktor lavozimida samarali xizmat qilib, hayotini yosh avlodga taʼlim-tarbiya berishga baxshida etib, fidokorona mehnat qilganligi yuksak qadrlanib kelinmoqda.
Abdulxay ota suhbati davomida dastlab 2016 yilda, oradan 5 yil o‘tib kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbir jarayonida davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev bilan hamsuhbat bo‘lganligini alohida eʼtirof bilan yodga olib, shukronalar bildirib, vazirlik rahbariyati va shogirdlariga o‘zining ezgu tilaklari hamda minnatdorchiligini bildirdi hamda o‘sha kezlari boshidan kechirgan voqealar haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti