Toshkent shahar IIBB tergovchilari joriy yilning birinchi yarim yillik ish faoliyatini sarhisob qilishdi
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Baxtiyor Odilovich Jalolov ishtirokida Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasining 6 oylik faoliyati sarhisob qilindi.
Muhokama yig‘ilishida Tergov boshqarmasi apparati va hududiy bo‘linmalari barcha tergov xodimlari ishtirok etishdi. Dastlab, bosh boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari - Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik A.Abdurazakov joriy yilning 6 oyi davomida Tergov boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida maʼruza qildi.
Shuningdek, xodimlardan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan kerakli xulosa chiqarib, berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarish, faoliyat davomida qonunlarga qatʼiy hamda og‘ishmay amal qilishlari, tamagirlik va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilmay, yangicha dunyoqarash bilan xalq xizmatida bo‘lishlari, fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida qonuniy tartibda ko‘rib chiqishlari talab etildi.
Yig‘ilish so‘nggida berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarib, boshqa hamkasblariga namuna bo‘lgan bir guruh xodimlar rag‘batlantirilib, 3 ta yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan tumanlar zamonaviy monoblok kompyuterlari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti