Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l-patrul xizmati statsionar postida sinov tariqasida joriy etilgan yo‘l harakatining avtomatlashtirilgan tartibga solish tizimi bo‘lgan “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tizimi bilan tanishildi
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik Ya.A.Abdulxakov Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari bilan birgalikda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l-patrul xizmati statsionar postiga tashrif buyurib, u yerda Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022 yil 8 iyuldagi 377 – son qarori asosida sinov tariqasida joriy qilingan, respublikada yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni taʼminlash uchun mo‘ljallangan yo‘l harakatining avtomatlashtirilgan tartibga solish tizimi bilan tanishishdi.
Taʼkidlash joizki, “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tamoyili asosida postlarda transport vositalarining harakati foto va video qayd etish qurilmalari orqali qayd qilinib, haydovchilarga yorug‘lik diodli ekran orqali ishora berish yo‘li bilan tartibga solinadi.
Tashrif davomida, mazkur tizim yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali ushbu maskanlarda inson omilini cheklagan holda transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishini taʼminlanishini, “yashil” yo‘lakdan belgilangan qoidalarga rioya etadigan va huquqbuzarlik sodir etmagan transport vositalari haydovchilari hech qanday to‘siqsiz va cheklovlarsiz harakatlanishi, “qizil” yo‘lakdan qidiruvda bo‘lgan, sug‘urta polisining muddati o‘tgan, belgilangan muddatda texnik ko‘rikdan o‘tmagan, vazn va hajm parametrlarini buzib harakatlanayotgan yoki yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun o‘z vaqtida to‘lanmagan jarimasi mavjud bo‘lgan transport vositalari harakatlanishini nazarda tutadigan tizim ekanligining guvohi bo‘lishdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti