Toshkent viloyatida tergov faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Toshkent viloyatida tergov faoliyatini yana-da takomillashtirish, uni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, ichki ishlar va prokuratura organlarida faoliyat yuritayotgan tergov xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud hamkorligida o‘tkazildi. U Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida hamda joriy yil 27 yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish bo‘yicha ilg‘or tajribani joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratildi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmonov, shuningdek viloyat sudi sudyalari, Bosh prokuratura va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi masʼul xodimlari, viloyat prokuraturasi tarmoq rahbarlari, tuman va shahar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari hamda tergovchilari, Ichki ishlar bosh boshqarmasi va uning quyi bo‘linmalari xodimlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasining tergovga masʼul rahbarlari, tergovchi va surishtiruvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tergov sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar davomida tajribali mutaxassislar tomonidan jinoyat ishlarini sudda ko‘rish jarayonida tergov va surishtiruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan foydalangan holda elektron dalillarni to‘plash va mustahkamlashning zamonaviy usullari, shuningdek axborot texnologiyalari orqali sodir etilgan jinoyatlarni (kiberjinoyatlar) fosh etishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan maʼruzalar taqdim etildi.
O‘zaro bahs-munozara ruhida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va boshqa masʼullar Toshkent viloyati prokuraturasida tergovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirish, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan “Tergov poligoni” faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tergov poligonida jami 7 ta o‘quv xonalari tashkil etilgan bo‘lib, ular qatoriga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarga bag‘ishlangan o‘quv burchagi, yo‘l-transport hodisalari va virtual reallik xonasi, qotillik jinoyati, is gazidan zaharlanish va yong‘in sodir bo‘lgan holatlar, shuningdek o‘zini osish holati bo‘yicha hodisa joylarini modellashtiruvchi xonalar, hamda o‘qotar va sovuq qurollar bilan ishlashga ixtisoslashtirilgan xonalar kiradi.
Mazkur o‘quv xonalari tergovchilarning amaliy tajribasini oshirish, turli vaziyatlarni real sharoitga yaqin holda modellashtirish hamda ularning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, bunday o‘quv-amaliy seminarlarni kelgusida ham tizimli ravishda tashkil etish orqali tergov faoliyati samaradorligini yana-da oshirish, xodimlarning kasbiy mahoratini mustahkamlashga erishiladi.
Tergov departamenti