Qo‘shma qaror ijrosi: Samarqand viloyatida tergov sifati va intizom masalalari muhokama qilindi
Samarqand viloyati prokuraturasida ichki ishlar organlari hamda prokuratura tizimi hamkorligida videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturasi tomonidan 2026-yil 24-mart kuni qabul qilingan qo‘shma qaror ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida surishtiruv va dastlabki tergov sifatini oshirish, tergovga qadar tekshiruv jarayonlarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish masalalari tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hududlarda amaliyotga joriy etilayotgan “Surxondaryo tajribasi”ni Samarqand viloyati sharoitida samarali qo‘llash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda viloyat hamda tuman-shahar ichki ishlar organlari rahbarlari, tergovchilar, prokurorlar va sohaviy mas’ul xodimlar ishtirok etdi.
Muhokamalar yakunida mavjud muammolarni bartaraf etish, xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mas’ullarga belgilangan vazifalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti