Kibermakondagi jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Joriy yilning 24 oktabr kuni Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qo‘mita aʼzolari, tegishli davlat organlari va tashkilotlar masʼullari, ekspertlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qo‘mita majlisida Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibi doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalar muhokama qilindi.
Senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Maʼlumki, keyingi paytlarda Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda bir qator shaxslarning mobil qurilmalarini hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarini zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, maʼlumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib, pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari ro‘y bermoqda.
Kibermakonda shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik maʼlumotlarini maxsus dasturlar yordamida soxtalashtirish holatlari ham uchrab turibdi.
Sodir etilgan bunday huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, kripto-aktivlarni noqonuniy aylanmasi, xususan noqonuniy mayning faoliyati uchun Jinoyat hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Senatorlar qonun qabul qilingandan so‘ng Ichki ishlar vazirligi masʼullari joylarda aholi, jamoatchilik uchun targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishi lozimligiga eʼtibor qaratdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.