O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“O‘zbek tilidagi so‘zlashuvlar va matnlarni kriminalistik tadqiqoti: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 18 apreldagi PQ–2898-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish, xususan qo‘lyozma matnlar bo‘yicha ovozli ashyoviy dalillar tadqiqotida qo‘llaniladigan ilmiy-uslubiy va axborot-qidiruv tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yilning 13 iyul kunida “O‘zbek tilidagi so‘zlashuvlar va matnlarni kriminalistik tadqiqoti: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbirda IIV Ekspert-kriminalistika bosh markazi, IIV huzuridagi Tergov departamenti, IIV Akademiyasi Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi rahbariyati va xodimlari, shuningdek Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, professor o‘qituvchilari va ilmiy tadqiqotchilari qatnashdilar.

Mazkur tadbir doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida respublikamizda sud-kriminalistika tizimini yana-da takomillashtirish, sohada tilning amaliy funksiyasi rolini yana-da oshirish maqsadida memorandum imzolandi. Ushbu memorandum respublikamizda lingvistik ekspertizaning rivoj topishi, hamkorlik doirasida istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishida asosiy omillardan sanaladi.

So‘nggi vaqtlarda shaxs qadr-qimmatiga, intellektual mulkiga tajovuz ko‘rinishidagi turli jinoyatlar sonining ortayotganligi, qo‘lyozmalarda umumiy va individual jihatlarni aniqlash bo‘yicha maxsus metodika yaratilishiga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Anonim ko‘rinishidagi xatlarda gumonlanuvchilar auditoriyasini qisqartirish, matnning lingvistik atributlariga asoslanib yosh, gender va hududiy xosligiga ko‘ra muallifning taxminiy obrazini yaratish masalaning adolatli va xolisona yechim topishiga omil bo‘ladi. Shu maʼnoda, maxsus lug‘atlar tuzilishi, soha korpusi yaratilishi, kelgusida mutaxassislar oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.

Seminar doirasida imzolangan memorandum yuqorida qayd etilgan ilmiy tadqiqotlarning yaratilishi va amaliyotga tatbiq etilishiga yordam beruvchi birlamchi vositalardan bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech